Kontent qismiga oʻtish

Muhammad Yusuf Munshiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Muhammad Yusuf Munshiy ibn Xoʻja Baqo (XVII–XVIII asrlar) — balxlik tarixchi olim, Ashtarxoniylar davrida ijod qilgan.

Subhonqulixon (hukmronligi: 1680—1702; Balx hokimi: 1651—1680), shuningdek, Muhammad Muqimxon (Balx hokimi: 1702—1707) saroylarida munshiy boʻlib xizmat qilgan. U Muhammad Muqimxonga bagʻishlangan „Muqimxon tarixi“ ("Tarixi Muqimxoniy", 1697—1704) asarida Balx va qisman Buxoro xonligining XVII asrdagi ijtimoiysiyosiy tarixini bayon etadi. Bu asar muqaddima va 3 bobdan iborat boʻlib, 1-bobda Shayboniylar davrida Movarounnahrning umumiy ahvoli tasvirlanadi. Asarning 2—3-boblari original boʻlib, unda Buxoro xonligi va Balxning Hindiston, Eron, Turkiya va Qashqar bilan boʻlgan siyosiy munosabatlari, Buxoro va Balx oʻrtasidagi qurolli kurash (1702—1704) xususida soʻz boradi. Asarda sufiylik tariqatlarining rahbarlari, nufuzli eshonlar, hukmdorlar (masalan, Balx hokimlari Solih Xoʻja, Mahmudbiy otaliq, Badaxshon hukmdori Miryorbek), xattotlar, shoirlar, shuningdek, Qunduz (Qatagʻon), Termiz (Qoʻngʻirot), Balx (Qurama), Lagʻmon (Olchin)da yashovchi oʻzbek qavmlari hamda saroy mansablari va harbiy unvonlar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud. Asarning 2-qismi nomaʼlum sabablarga koʻra yozilmay qolgan.

Ashtarxoniylar tarixini oʻrganishda muhim manba sanalgan bu asar („Ubaydullanoma“ va „Abulfayzxon tarixi“ asarlari uning mantiqiy davomi hisoblanadi) 1820-yillarda Rossiya orqali Yevropaga tarqaldi. Asardan parchalar fransuz tilida bosildi (1824), toʻla ravishda eski oʻzbek tiliga tarjima qilindi (1861). A. Semyonov tomonidan rus tilida chop etilgan.

  • Mukimxanskaya istoriya, T., 1956.
  • Axmedov B., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv., T., 1985.
  • Qahramon Rajabov.