Muhammad Muqimxon
Muhammad Muqimxon | |
---|---|
chigʻatoycha: محمد مقیمخان | |
Balx xoni | |
Mansab davri 1697-yil 15-noyabr – 1707-yil mart | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi | 1679/80-yil |
Vafoti |
1707-yil mart Buxoro, Buxoro amirligi |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Otasi | Iskandar sulton |
Dini | Islom |
Muhammad Muqimxon (Muhammad Muqim sulton; chigʻatoycha: محمد مقیمخان) — Balx xoni (1697–1707). Ashtarxoniylar sulolasi vakili. Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixonning (1681–1702) nevarasi. Bobosi uni oʻzidan keyin Buxoro taxtiga valiahd etib tayinlagan, biroq taxtni Ubaydullaxon II (1702–1711) egallab olgan. 1707-yil qudratli Mahmudbiy otaliq tomonidan oʻldirilgan.
Tarjimai holi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muhammad Yusuf Munshiyning „Tarixi Muqimxoniy“ asari Muhammad Muqimxonga atab yozilgan[1]. Asarda keltirilishicha, Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixon hijriy 1090-yil (1679/80-yil) nabira koʻrgach, unga ism qoʻyish uchun Maxdumi Aʼzamning avlodi Nasrulloxoja ibn Abdulgʻafforxojaning huzuriga yuborgan va u diniy alloma Qurʼon sahifalarini ochib, undan: „Parvardigoro! Meni va zurriyotimni namozxon qil“ degan oyatga koʻzi tushib, chaqaloqqa Muhammad Muqim sulton deb ism qoʻygan[2]. Ushbu oyatning arab tilidagi matnida „muqim“ soʻzi mavjud boʻlib, ayni shu soʻz unga ism qilib berilgan[3].
Muhammad Yusuf Munshiyga koʻra, yosh shahzoda xattotlik bilan, undan boʻsh paytlarida esa kamondan oʻq otish, qilichbozlik, otda yurish va ovchilik mashqlari bilan mashgʻul boʻlgan[4].
Muhammad Muqim sulton 1697-yil 15-noyabrda Buxoro xonligi hukmdori Subhonqulixonning (1681–1702) Balxdagi noibi sifatida taxtga koʻtarilgan[5][3]. Amalda hokimiyat toʻlaligicha birin-ketin tayinlangan otaliqlar Odilbiy ming, Yormuhammadbiy saroy[6] va Mahmudbiy qatagʻonlarning qoʻlida boʻlgan[7].
Muhammad Yusuf Munshiyga koʻra, Subhonqulixon hali hayotligida (vafoti arafasida[3]) Muhammad Muqimxonni Buxoro xonligi taxtiga oʻzining valiahdi etib tayinlagan, biroq taxtni 1702-yili Subhonqulixonning oʻgʻli va Muhammad Muqimxonning amakisi Ubaydullaxon II (1702–1711) noqonuniy egallab olgan[4]. Boʻriboy Ahmedov bu yerda taxt vorisligi masalasida yasoq qonunlari bajarilmaganini: birinchidan, Muhammad Muqimxon yoshi jihatidan amakisi Ubaydullaxondan katta boʻlgani; ikkinchidan, shu paytgacha Buxoro taxtini faqatgina Balx noibi egallashga haqli boʻlganini taʼkidlaydi[8]. Anton Alekseyev esa, Balxda hukmdorlik qilayotgan Muhammad Muqimxon Buxoro xoniga boʻysunmasligini ochiqchasiga maʼlum qilishdan tashqari, u oʻzini Ashtarxoniylar suloasining yagona qonuniy xoni deb hisoblaganini yozadi[9].
1702/03-yil Ubaydullaxon II jiyaniga qarshi Balxga harbiy yurish uyushtirishga harakat qilgan[9]. Biroq Muhammad Muqimxon hayotligida Ubaydullaxonga Balxni boʻysundirish nasib etmagan[10]. Faqatgina 1707-yilga kelib Ubaydullaxon Buxoro va Balx munosabatlaridagi krizisni bartaraf eta olgan. Muhammad Muqimxonning Mahmudbiy otaliq tomonidan oʻldirilishi Buxoro qoʻshinining Balx chegarasiga bostirib kirishiga sabab boʻlib xizmat qilgan[11].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Мунши 1956, s. 5.
- ↑ Мунши 1956, s. 117–118.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 Egamberdiyev, Alisher „Vatanimiz tarixidagi 15 noyabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.“. daryo.uz (2021-yil 9-dekabr). Qaraldi: 2024-yil 15-noyabr.
- ↑ 4,0 4,1 Мунши 1956, s. 132–136.
- ↑ Мунши 1956, s. 168.
- ↑ Ахмедов 1982, s. 121.
- ↑ Ахмедов 1982, s. 220.
- ↑ Ахмедов 1982, s. 222.
- ↑ 9,0 9,1 Алексеев 2006, s. 180.
- ↑ Тревер 1947, s. 91.
- ↑ Алексеев 2006, s. 182–183.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Алексеев А. К. Политическая история Тукай-Тимуридов: По материалам персидского исторического сочинения Бахр ул-асрар (ruscha). СПб: Изд-во С.-Петерб. ун-та, 2006 — 229-bet. ISBN 5-288-03987-9.
- Ахмедов Б. А.. История Балха (XVI—первая половина XVIII в.). Ташкент: Фан, 1982 — 295-bet.
- Мухаммед Юсуф Мунши. Муким-ханская история. Ташкент: Издательство АН УзССР, 1956 — 302-bet.
- Тревер К. В.. История народов Узбекистана : в 2 т.. Ташкент: Издательство АН УзССР / T 2., 1947 — 514-bet.