Moyboʻyoq rassomligi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Moyboʻyoq rassomligi — badiiy moyboʻyoqlarda (baʼzan lok ham ishlatib) yaratiladigan rangtasvir turi. Bunda boʻyoq noorganik pigmentlarni oqartirilgan zigʻir moyida (baʼzan yongʻoq va kungaboqar moyi qoʻshiladi) iylanib hosil qilinadi. Moyboʻyoq bilan, asosan, maxsus grunt (dastgoh moyboʻyoq rassomligida) yoki ohakli suvoq (mahobatli moyboʻyoq rassomligida) bilan qoplangan matoga, shuningdek, karton, yogʻoch, metallga ishlanadi. Moyboʻyoq rassomligi tasvir usulining ifodaliligi va dinamikasi bilan boshqa rassomlik texnikalaridan ajralib turadi. Tekis yuzada hajm va kenglik tasavvurini yaratish, boy ranglar taassurotini va tuslar nafisligini koʻproq hosil qilish imkonini beradi. Moyboʻyoq rassomligi texnika usullari xilma-xil: qoplama (xira) va lessirovkali (shaffof), qobiqli (quyuq) va fakturali (relyefli), nafis va silliq qilib boʻyoq berish mumkin. 19-asr boshigacha kartina sirtini lok aralashmali boʻyoq bilan koʻp qatlamli (bir necha bor) boʻyash va soʻnggi boʻyash asosiga qurilgan. Moyboʻyoq rassomligi uchun 19-asr boshidan toza gruntga yoki yupqa rangli yoki tusli xomaki boʻyoq ustiga alla prima (tez surʼatda dadil) boʻyoq yotqizish koʻproq xarakterli; lok kam ishlatiladi. Moyboʻyoq rassomligi haqidagi ayrim yozma maʼlumotlar antik davr va oʻrta asrlarda yaratilgan qoʻlyozmalarda uchraydi. 15-asr 1-yarmida Ya. van Eyk tomonidan takomillashtirilgan dastgohli moyboʻyoq rassomligi keng tarqaldi, 16-asrdan u rassomlik sanʼatining yetakchi texnikasiga aylandi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |