Kontent qismiga oʻtish

Janubiy Surxon suv ombori

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Janubiy Surxon suv ombori
Morfometriya
Maydoni 65 km²
Dengiz sathidan balandligi 408 metr
Sigʻimi 0.8 km³
Maksimal chuqurligi 27 metr
Oʻrtacha chuqurligi 12 m
Xarakteristikasi
Toʻldirilgan yili 1967
Toʻgʻon balandligi 168 m
Havzasi
Quyiladigan irmoqlar Surxondaryo
Joylashuvi
Mamlakat Oʻzbekiston

Janubiy Surxon suv ombori, Mirzaahmad Qoraboyev nomidagi Janubiy Surxon suv ombori — Oʻzbekistonda joylashgan yirik suv omborlaridan biri hisoblanadi. Suv ombori 1967-yildan oʻz faoliyatini boshlagan.

Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani hududida, Surxondaryoning oʻrta oqimida, Zarkamar va Xoʻjamulki toʻqayi oʻrnida 1958—1967-yillar oraligʻida bunyod etilgan. Daryo havzasining eng tor yerida toʻgʻon qurilgan.

Janubiy Surxon suv omborining relyef shakli turfa xil. U dengiz sathidan 408 metr balandlikda joylashgan[1]. Suv omborining oʻrnashgan hududida zilzilaning seysmik koʻrsatkichi yetti balllni tashkil qiladi.

Tuproq tarkibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Janubiy Surxon suv ombori qirgʻoqlaridagi tuproq tahlil qilinganda, uning tarkibida oʻrta qumoq va ogʻir qumoq tuproq shakllanganligi aniqlangan. Ayni shu turdagi tuproq suv erroziyasiga moyilligi aniq boʻlgan. Shu sababli ham, qisqa vaqt ichida suv ombori qirgʻoqlarida juda katta oʻpirilishlar va qirgʻoq chizigʻining katta miqdorda oʻzgarishga uchraganligi kuzatilgan. Shu bilan birgalikda, suv ombori qirgʻoqlarida gruntlarning yopishqoqligi yetarli darajada emasligi ham maʼlum boʻlgan.

Suv omboridagi grunt toʻgʻon daryo suvini mavsumiy tartibga soladi. Uning uzunligi 20 km, eng keng qismidagi eni 6,2 km, oʻrtacha eni esa 2,96 km, eng chuqur joyi 27 metr, oʻrtacha chuqurligi esa 12 metrni tashkil etadi. Suv omborning toʻla suv sigʻimi 800 mln. m³[2], foydali suv sigʻimi 610 mln. m³ ga teng. Suv sathi yuzasi 65 km2 ni tashkil qiladi[3].

Suv omboriga bunyod etilgan toʻgʻonning uzunligi 5,2 km, balandligi 30 metrni tashkil etadi. Janubiy Surxon suv ombori daryoning qayiri va uch terrasasida joylashgan. Asosiy inshootlar tarkibiga tuproq toʻgʻon, ehtiyot tashlama va Sherobod magistral kanaliga suv beradigan oʻng qirgʻoq suv chiqargich (suv sarfi 150 m3/s) kiradi. Suv ombori Sherobod choʻlidagi 71 mingga yerni oʻzlashtirish hamda ilgaridan sugʻoriladigan 52 mingga yerning suv taʼminotini yaxshilash imkonini berdi. Suv omborida koʻpgina baliq turlari urchitib koʻpaytiriladi va ovlanadi. Baliq mahsulotlarini yetishtirish maxsus shartnoma va ruhsatnoma asnosida amalga oshiriladi.

Janubiy Surxon suv ombori viloyat hududini toʻliq suv yetkazib bera olmaganligi sababli ham, Toʻpalang suv ombori barpo etilgan.

1969-yilda Janubiy Surxon suv ombori qurilishga rahbarlik qilgan Mirzaahmad Qoraboyev (1931—1969-yillar) nomi berilgan[4].

Janubiy Surxon suv ombori 2019-yilning bahorida yomgʻir miqdorining koʻp boʻlganligi bois suvga toʻlgan[5].

Janubiy Surxon suv ombori boʻyida bugungi kunda turistik obyekt barpo etilgan[6].

Ammo atropogen omili (oʻz davrida inshootning yetarlicha darajada mustahkam qurilmaganligi va yomon joylashuv) va tabiiy omillar (toʻlqinlarning toʻgʻonga urilishi, kuchli shamol) sababli inshoot avariya holatiga kelib qolgan.

  1. „Janubiy Surxon Suv Ombori“. uz.geoview.info. Qaraldi: 08-2023.
  2. „Surxondaryo tabiiy geografik okrugi“. geografiya.uz. Qaraldi: 08-2023.
  3. „O‘ZBEKISTON: SUV OMBORLARI — SARDOBA“. medium.com. Qaraldi: 08-2023.
  4. „Janubiy Surxon suv ombori“ OʻzME. J-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. „Bahor yomg‘irlaridan to‘yingan Janubiy Surxon suv ombori - fotojamlanma“. kun.uz (16-042019). Qaraldi: 08-2023.
  6. „Surxondaryoda yana bir zamonaviy dam olish maskani ish boshladi“. yuz.uz (2020-yil 13-noyabr). Qaraldi: 08-2023.