Mingtepa
Mingtepa — koʻhna shahar harobasi (miloddan avvalgi 3 — milodiy 5-asr). Andijon viloyati, Marhamat tumani markaziga tutashib ketgan yodgorlik. Xitoy yozma manbalaridagi Ershi shahri bilan aynan deb taxmin etiladi.
1940—50 yillarda A. N. Bernshtam, Yu. A. Zadneprovskiy, keyinchalik (90-yillarda) Oʻzbekiston FA Arxeologiya institutining Fargʻona otryadi (B. Matboboyev) arxeologik tekshirish ishlari olib borgan.
Mingtepa ichki va tashqi shahardan iborat boʻlib, mustahkam mudofaa devorlari bilan oʻrab olingan. Hozir faqat ichki shaharni (38 ga) toʻrt tomondan qurshagan mudofaa devori saqlanib qolgan. Mingtepadagi tepaliklar soni 52 ta. Ichki shaharning shimoliy-gʻarbiy tomonidagi markaziy tepalikning madaniy qatlami 10 m dan ortiq. Eng quyi qatlam miloddan avvalgi 3—2-asrlarga oid. Tepalikdan 5 m qalinlikdagi platforma (tagkursi) ustida qurilgan inshoot qoldiqlari chiqqan. Mutaxassislar fikricha, bu tepalik shahar arki boʻlgan. Mingtepa mudofaa devorining har 38-40 m masofasida kuzatuv minorasi oʻrnatilib, uning uzunligi 18 m, eni 9 m, balandligi 3-4 m ga yetgan. Minora oʻrtasida shinaklar bilan taʼminlangan xona joylashib, unda soqchilar yashagan. Burjlarni oʻzaro tutashtirib turgan mudofaa devorining qalinligi quyi qismida 7 m, yuqorida 4 m, balandligi 4 m ga yetgan. Devor va burj, asosan, yaxshi pishirilgan paxsa va xom gʻishtlardan tiklangan. Devor tashqarisida xandaqlar qazilgan.
Qadimda Mingtepa oʻrnida boʻlgan Ershi shahrini xitoyliklar bir necha marta qamal qilib, ishgʻol eta olmaganlar (qarang Ershi mudofaasi).[1]
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bernshtam A. N., Istoriko-arxeologicheskiye ocherki Tyan-Shana i Pamiro-Alaya, M.— L., 1952; Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |