Kontent qismiga oʻtish

Meksika togʻligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Meksika togʻligi - Shim. Amerikaning jan. qismidagi togʻlik, Meksika hududining katta qismini egallagan. Maydoni 1,2 mln. km². Keng yassitogʻlik va uni oʻrab olgan togʻ tizmalaridan iborat. Shim.da Buyuk tekisliklar va Kolorado platosiga tutash. Aksari qismining balandligi 1000–2000 m. Meksika togʻligining sharqiy chekkasida Sharqiy Syerra-Madre togʻlari, gʻarbida Gʻarbiy Syerra-Madre togʻlari bor. Jan.da oʻchgan va harakatdagi vulkanlar joylashgan. Orisaba vulkani (5700 m) Meksika togʻligi va Meksikadagi eng baland choʻqqidir. Meksika togʻligining zamini ohaktosh, qumtosh, mergeldan tuzilgan. Katta maydonlarni lavalar va allyuviy yotqiziqlar qoplagan. Rangli va nodir metall konlari topilgan.

Iqlimi tropik iqlim, jan.da sernam, shim.da quruq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 9—14°, baʼzan shamollar taʼsirida temperatura —20° gacha pasayadi. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 15—20°. Yillik yogʻin shim.da va ichki rayonlarida 200– 400 mm dan tashqi yon bagʻirlarida 2000–3000 mm gacha. Meksika togʻligining shim.dagi oqar suvlar mavsumiy harakterga ega. Koʻllari shoʻr suvli. Jan.dagi daryolar sevsuv, tektonik koʻl koʻp. Tuprogi shim.da gipeli va karbonatli, jan.da boʻz, qoʻngʻir va qizil tuproqlar. Meksika togʻligi oʻsimlik dunyosiga boy (8 mingdan ortiq endemik tur bor). Kaktus, agava, yukka, tikanli butalar, jan.da savanna oʻsimliklari oʻsadi.Togʻlarning sernam yon bagʻirlarida tropik oʻrmonlar, 4000–4500 m balandlikda subalp va alp oʻtloqlari mintaqasi mavjud. Hayvonot dunyosi, asosan, Nearktika zoogeografik oblastiga mansub. Aholi siyrak, faqat vodiy va soyliklarda yashaydi. Chorvachilik va dehqonchilik rivojlangan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil