Matlubot jamiyati
Matlubot jamiyati – matlubot kooperatsiyasining quyi boʻgʻini. Matlubot jamiyatini ixtiyoriylik asosida uyushgan paychilar tashkil etadi. U oʻz faoliyatini kengaytirib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tay-yorlash, umumiy ovkatlanishni tashkil etish va aholi isteʼmoli bilan bogʻliq boshqa bir necha xil xizmatlarni ham bajaradi. Matlubot jamiyati bevosita isteʼmolchi va mahsulot yetishtiruvchilarni birlashtirgan holda qishloq joylarida tarkib topadi. Mamlakat, viloyat, tuman uyushmalariga birlashadi. Viloyatlardagi „Matlubotsavdo“ uyushmasi hududdagi Matlubot jamiyatilarni birlashtirgan holda ularning manfaatlarini himoyalash vakolatlariga ega boʻlib, ularning xoʻjalik va moliyaviy faoliyatlarini birgalikda, markazlashgan tarzda rivojlantirishni taʼminlaydi.
Matlubot kooperatsiyasi – aʼzolarning pay toʻloviga asoslangan, isteʼmol mollarni sotib olish, ishlab chiqarish va sotish uchun tuzilgan uyushma. Dastlabki Matlubot jamiyatilari XVIII-asrning oxiri – XIX asr boshlarida Buyuk Britaniyada vujudga keldi va keyinchalik Fransiya, Germaniya, Italiyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida keng tarqaldi. Hozirgi vaqtda Matlubot jamiyatilari Osiyeʼning baʼzi mamlakatlarida (Yaponiya, Hindiston, Myanma, Shri Lanka, Bangladesh va boshqalar), Amerika, Kanada, Argentina, Braziliya, Chili, Meksika va Avstraliyada rivojlangan. XX-asrning 70-yillarida Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Shveysariya mamlakatlarining umumiy tovar aylanmasida Matlubot jamiyatilari ulushi 8—11%ni, Finlandiyada 36%ni tashkil etdi.
Matlubot jamiyati Oʻzbekiston hududiga chor Rossiyasi mustamlakachilari bilan kirib kelgan. Dastlab kasbkorlik asosida shakllanib, ishchilar va ofitserlar Matlubot jamiyati paydo boʻlgan. XX asrning 20-yillaridan boshlab aholi taʼminotida katta oʻrin egalladi. Matlubot jamiyati oziq-ovqat, kiy-im-kechaklar sotib olish va sotish bilan chegaralanmay qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tay-yorlash, isteʼmol mahsulotlari ishlab chiqarish asosida ham matlubotchilarni birlashtirdi.
Matlubot jamiyatining respublika tashkiloti – „Oʻzbekiston matlubot jamiyatlari ittifoqi“ („Oʻzbekbirlashuv“) 1925-yil yanvar da ishchi, qishloq, shahar kooperativlari va harbiy kooperativlarni birlashtirgan 26 matlubot jamiyatlari negizida tashkil etilgan. Respublikada Matlubot jamiyati tizimi – „Oʻzbekbirlashuv“ aksiyadorlik kompaniyasi tarkibida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar „Matlubotsavdo“ aksiyadorlik kompaniyalari faoliyat koʻrsatadi. Jami 592 aksiyadorlik jamiyatlarini birlashtiradi, 80 mingdan ortiq ishchi-xizmatchilar savdo, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, qurilish, boʻrdoqichilik va parrandachilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tayyorlash, tashqi iqtisodiy aloqalar va boshqa sohalarda faoliyat koʻrsatadi (2003).
Muxtor Rasulov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |