Mas’udiya madrasasi
Madrasa | |
Mas’udiya madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Buxoro viloyati |
Shahar | Buxoro |
Mulkdor | Mas’udbek |
Binokorlik tashabbuschisi | Mas’udbek |
Asosiy sana: 1254—1289-yillar
| |
Holati | Saqlanib qolmagan |
Mas’udiya madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan.
Mas’udiya madrasasi Mir Mas’ud guzarida[1], moʻgʻullarning Movarounnahrdagi noibi Mahmud Yalavochning oʻgʻli Mas’udbek tomonidan bunyod etilgan. Mas’udbek 1254—1289-yillarda Chigʻatoy ulusini boshqargan yillarida musulmonlar va ilm toliblar uchun madrasa qurdiradi. Uning davrida Buxoroda koʻplab imoratlar bunyod etilgan. Manbalarga koʻra ushbu madrasada ming nafar talaba tahsil olgan. Madrasada koʻplab qimmatbaho kitoblar jamlangan boʻlib, kutubxonasi ham mavjud boʻlgan. Sayyid Muhammad Nosir ibn Muzaffar oʻz asarida ham madrasa toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtgan: „Buxoroliklar darvozani yopib, qarshilik koʻrsatishga urinishdi. Bir kunlik jangdan soʻng Sadri Jahon sulhni maʼqul koʻrib, Oybekning Hindu nomli oʻgay oʻgli ishgʻol etishga tayinlangan darvozani ochdi. Lashkar shaharga bostirib kirib, qatl va gʻorat qilmoqqa kirishdi. Qon daryolari oqa boshladi. Buxoro madrasalarning eng yirigi va hashamatlisi Mas’udbek madrasasiga oʻt qoʻyishdi. Bu madrasa va unda saqlanayotgan nafis kitoblardan kuldan boshqa hech narsa qolmadi“. Madrasa yongʻin natijasida kuyib ketgan. Olga Suxareva Buxoroda Mir Mas’ud guzarining paydo boʻlishi Mas’udbek bilan bogliq ekanligini yozadi. Bu joy Silahxona darvozasi (Salloxona) guzari deb ham nomlangan. Ushbu guzarda Mas’udbek qurdirgan masjid ham boʻlgan ekan. Mazkur madrasada katta kutubxona borligi toʻgʻrisida Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyning „Jami’ ut-tavorix“ asarida ham uchraydi[2].
Mas’udiya madrasasi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.