Mahmudjon Hasanov
Mahmudjon Hasanov | |
---|---|
Tavalludi |
1943-yil Marhamat tumani, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Kasbi | sharqshunos, tarjimon |
Sohasi | sharqshunoslik, tarjimonlik |
Ish joylari | Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti |
Taʼlimi | Toshkent davlat universiteti |
Ilmiy darajasi | tarix fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Mukofotlari |
Mahmudjon Hasanov (Mahmud Hasaniy, Mahmudxon Maxdum (1943-yil, Marhamat tumani, Andijon viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, sharqshunos, shoir, tarjimon, tarix fanlari doktori, professor.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mahmudjon Hasanov 1943-yilda Marhamat tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Olimning otasi shoir va ulamo Maxdum Vosiliy boʻlib, 1920—1925-yillarda Buxorodagi Mirarab madrasasini tugatgan. Oʻzidan 44 ta asar yozib qoldirgan. Mahmudjon Hasanov 1968-yilda Toshkent davlat universitetining sharq fakulteti Eron-afgʻon boʻlimini bitirib, oʻsha yildan buyon Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida faoliyat koʻrsatib kelmoqda[1]. Dastlab institutda fotokopiya va mikrofilmlar fondining boshligʻi lavozimida ishladi. 1974-yilda Shreder nomidagi Bogʻdorchilik va uzumchilik institutiga katta ilmiy xodim sifatida ishga oʻtkazildi. Olim bogʻdorchilikka oid qoʻlyozmalarni tadqiqi boʻyicha ilmiy ish olib borib, bu sohaga oid bir qancha asarlarni tarjima va tadqiq etdi va „Ziroatnoma“ nomli kitobni bosmadan chiqardi. 1985-yilda Sharqshunoslik institutiga qaytib, qoʻlyozmalarni tadqiq etish va nashr qilish boʻlimida kichik ilmiy xodim vazifasida ishladi[2]. 1995-yildan esa Sharq qoʻlyozmalari fondi mudirligi vazifasiga tayinlandi hamda „Dublet fondidagi qoʻlyozmalarni kataloglashtirish“ nomli grant rahbari sifatida ham faoliyat koʻrsatdi. Hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti professori. Mahmudjon Hasanov manbashunos olim sifatida arab, fors va turkiy tillardagi qadimiy manbalarni tarjima va tadqiq qildi. Hozirgacha uning yuzlab maqolalaridan tashqari 180 ta kitoblari nashr qilingan. Mahmudjon Hasanov Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi[3], Mahmud Hasaniy taxallusi bir qancha sheʼriy toʻplamlari va 2017-yilda esa „Ishq devoni“ nomli gʻazallar devoni nashr qilingan. 2003-yilda „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlangan[4]. Turon fanlar akademiyasi akademigi[3].
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]1997-yilda „Yusufiyning ilmiy merosi va uning XV asr madaniyatida tutgan oʻrni“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2004-yilda „Fors tilida nazmda yozilgan tabobatga oid manbalar (IX- XIII asrlar)“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Olim tabobat, tasavvuf, tarix, fiqh, hadisshunoslik, odob-axloq va va qadimiy ziroatchilikka oid tadqiqotlar yoʻnalnalishlari boʻyicha tadqiqotlar olib borib, koʻplab manbalarni nashr qilgan. Mashhur tabiblar Shahobiddin Abdulkari oʻgʻli (XIV asr), Yusufiy (XII asr), Davoiy (XVII asr), Hasrat (XVIII asr), Bositxon ibn Zohidxon Shoshiyning (XX asr) tibga oid asarlarini tadqiq etgan. Mazkur tabiblarning asarlari sheʼriy shaklda yozilgan boʻlib, olim tomonidan sheʼriy tarjima qiilingan. Olim tarix fanlari doktori Surayyo Karimova bilan birgalikda Ibn Sinoning „Tib qonunlari“ asarini qayta nashr etishgan. Olim Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Xoja Hasan Andaqiy, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Husayn al-Xorazmiy, Shayx Odinamuhammad Xorazmiyning tasavvufga oid oʻnlab asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Olimn ziroatchilikka oid „Qadimiy bogʻdorchilikning izohli lugʻati“ kitobi muallifi[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Маҳмуд Ҳасаний: «Қомусий олимларимизнинг кўп асарлари ҳали ўрганилмаган»“ (2014-yil 10-dekabr). 2023-yil 20-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-avgust.
- ↑ 2,0 2,1 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383-bet.
- ↑ 3,0 3,1 „QOMUSIY OLIMLARIMIZNING KO’P ASARLARI HALI O’RGANILMAGAN“.
- ↑ „Mahmud Hasaniy“.