Mahmudjon Gʻafurov
Mahmudjon Gʻafurov (1917.20.10 – Toshkent – 2000.5.1) – xonanda (tenor), aktyor boʻlgan. Oʻzbekiston xalq artisti (1950), 1939-yildan Muqimiy teatrida aktyor, xonanda shuningdek, Navoiy teatri yakkaxon xonandasi (1951 – 1953). Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Tohir (T.Jalilov, „Tohir va Zuhra“), Alpomish (T.Jalilov, „Alpomish“), Haydar (T.Jalilov, „Nurxon“), Subhonqul (S.Boboyev, „Vatan ishqi“), Tursunali (M.Leviyev, „Oltin kul“) kabi bosh qahramonlar obrazlari Gʻafurov ijrosida oʻzining hayotiy talqinini topgan. Navoiy teatrida Qodir (T.Sodiqov, R.Glier, „Gulsara“), Farhod (G.Mushel, Yunus Rajabiy „Farhod va Shirin“), Qays (T.Sodiqov, R.Glier, „Layli va Majnun“), Tohir (T.Jalilov, B.Brovsin, „Tohir va Zuhra“) va boshqa partiyalarda muvaffaqiyat qozongan. Keng, toʻla ovoz sohibi Gʻafurovning xonandalik uslubi yuqori dramatik mahorat, his-tuygʻularga boy, yorqin ijro, yaxlit badiiy obrazlari bilan ajralib turadi. 1960—1970 yillarda Gʻafurov ijodining boshqa yangi qirralari Shayx (T. Toʻla; I.Akbarov, „Qizbuloq“), Hotam Soliyev (Z.Fatxullin; I.Akbarov, „Kumush toʻy“) kabi xarakterli rollarda namoyon boʻldi. Ayni paytda Gʻafurov operetta ustasi sifatida ham tanilgan: Petro (N.Lisenko, „Poltavalik Natalka“), rajami (I.Kalman, „Bayadera“) va boshqalar. Gʻafurov, Navoiy,Mashrab, Muqimiy, Furqat, Maxtumquli gʻazallari bilan aytiladigan mumtoz qoʻshiqlarning mohir ijrochisi boʻlgan. Mahmudjon Gʻafurov 1988-yil „Mehnat shuhrati“ ordeni bilan mukofotlangan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |