Kontent qismiga oʻtish

Magnitometr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Magnitometr (magnit va ... metr) — magnit induksiya, magnit maydon kuchlanganligi va doimiy magnitlarning magnit momentlarini oʻlchash uchun moʻljallangan asbob. Magnitomexanik, elektromagnit, induksion va ferrozond M.lar bor. Magnitomexanik M.da oʻlchanayotgan magnit maydonda 2 doimiy magnit oʻzaro taʼsirlashadi, natijada ulardan biri muayyan burchakka ogʻadi. Bunday M. mutlaq (mas, magnit teodolit) va nisbiy (mas, kvars asbob) oʻlchashlar uchun qoʻllanadi. Elektromagnit M.da tekshirilayotgan magnit maydon gʻaltakdagi elektr toki magnit maydoni bilan taqqoslanadi. Induksion M.ning ishi elektromagnit induksiya hodisasiga asoslangan. Ferrozond M.ning ishi oʻzgaruvchan tok oʻtadigan chulgʻamli oʻzakning magnit oʻtkazuvchanligi oʻlchanayotgan magnit maydon taʼsirida oʻzgarishi hodisasiga asoslangan. M. yordamida Yer va boshqa sayyoralarning magnit maydoni oʻlchanadi, magnit oʻzgarishlariga doyr hodisalar oʻrganiladi, foydali qazilma konlari qidiriladi; magnit materiallarning xossalari oʻlchanadi va boshqa ilmiy hamda amaliy ishlar bajariladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil