Kontent qismiga oʻtish

Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari - Yer sharida oʻsimliklarning muayyan turlari dastlab madaniylashtirilgan (dehqonchilikda ekilgan) va ularning genetik xilma-xilligi eng koʻp boʻlgan geografik markazlar. M.oʻ.k.ch.m. toʻgʻrisidagi taʼlimot madaniy oʻsimliklar seleksiyasi va ularning navlarini yaxshilash uchun boshlangʻich materiallarga ehtiyojlar tufayli yuzaga kelgan. Unga Ch. Darvinning biologik turlarning kelib chiqishida geografik markazlarning mavjudligi toʻgʻrisidagi gʻoyalari asos boʻlgan. 1883-yilda shveysariyalik botanik olim A. Dekandol eng asosiy madaniy ekinlar birlamchi kelib chiqqan geografik oʻlkalarni taʼriflab berdi. Lekin unda juda keng hududlar koʻrsatilgan boʻlib, ayrimlarining maydonlari deyarli qitʼalar chegaralariga toʻgʻri kelar edi. 1925—39 yillarda M.oʻ.k.ch.m. nazariyasini eng izchil holda N. I. Vavilov ishlab chiqdi. N.I.Vavilov oʻzi va boshqa botanik olimlar tomonidan ilmiy ekspeditsiyalarda toʻplangan jahon oʻsimlik resurslari (250000 ga yaqin namunalar kolleksiyasi) toʻgʻrisidagi juda katta materiallarga tayangan holda M.oʻ.k.ch.m.ning 8 ta asosiy geografik markazi yoki oʻchoqlarini koʻrsatib berdi: Xitoy markazi (soya, tariq, turli sabzavot va mevali ekinlar vatani); Hindiston markazi (madaniy oʻsimliklar turlarining deyarli 1/3 qismi; sholi, shakarqamish, baklajon, bodring, mevali ekinlar vatani); Oʻrta Osiyo markazi (noʻxat, china, kunjut, maxsar, yasmiq, koʻpgina sabzavotlar — piyoz, sarimsoq, ismaloq, mevalar — oʻrik, nok, tok, bodom vatani); Gʻarbiy Osiyo markazi (bugʻdoyning koʻpgina turlari, ikki qatorli arpa, javdar, beda, karam turlari, sabzi, anjir, anor v b.); Oʻrta dengiz, markazi (zaytun, seratoniya daraxti, juda koʻp ozuqa va sabzavot ekinlari vatani); Efiopiya markazi (bugʻdoy, arpa, moyli ekinlar, bananning alohida bir turi, kofe daraxti va boshqa vatani); Markaziy Amerika markazi (90 ga yaqin oziqovqat, texnika va dorivor oʻsimliklar, shu jumladan, makkajoʻxori, uzun tolali gʻoʻza, loviyaning bir necha turi, qovoq, kakao, mevali oʻsimliklarning koʻpgina turlari vatani); Janubiy Amerika markazi (koʻpgina ildizmevali oʻsimliklar, birinchi navbatda, kartoshka, oka, xina daraxti va koka butalari vatani).

Oʻtmishda ayrim oʻsimliklar bu asosiy markazlardan chetda madaniy ekinlarga aylantirilgan. Lekin bunday oʻsimliklar soni juda kam. N. I. Vavilov birlamchi (eng kad.) va ikkilamchi (dehqonchilik mintaqalari oʻrtasida tovar ayirboshlash va oʻzaro aloqalarning rivojlanishi bilan bogʻliq holda keyinchalik paydo boʻlgan) M.oʻ.k.ch.m. borligini koʻrsatadi. Agar ilgari Dajla, Furot, Gang, Nil va boshqa yirik da-ryolar vodiylari qad. dehqonchilik markazlari boʻlgan, deb hisoblangan boʻlsa, N. I. Vavilov deyarli barcha madaniy ekinlar togʻli, tropik, subtropik va moʻʼtadil mintaqalarda paydo boʻlganligini koʻrsatib berdi. Yetishtirilayotgan koʻpchilik madaniy ekinlarning asosiy geografik markazlari fakat oʻsimlik boyliklaridan tashqari eng qad. dehqonchilik madaniyati bilan ham bogʻlikdir. Hindiston markazi qad. Hindiston va Hindixitoy madaniyati bilan, Oʻrta Osiyo markazi 6 ming yillik tarixga ega boʻlgan etrus, ellin va Misr madaniyati bilan bogʻliq va hokazo. Shunday qilib, yovvoyi oʻsimliklardan foydalanishda ularning sifat tarkibi, rivojlangan dehqonchilik madaniyati va tegishli ravishda yirik-yirik aholi manzilgohlarining mavjudligi katta rol oʻynagan.

N. I. Vavilovning shogirdi P. M. Jukovskiy oʻsimlik genofondlari (qarang Genetik fond) boʻyicha dunyo miqyosida toʻplangan juda katta maʼlumotlarni tahlil qilish asosida madaniy oʻsimliklar kelib chiqqan va yangi shakllar paydo boʻlgan 12, jumladan, 4 ta megagen markazlarini ajratdi (haritaga q.). Bulardan tashqari, madaniy oʻsimliklarga genetik jihatdan qarindosh endemik yovvoyi turlarning ajralib (alohida boʻlib) qolishi tufayli paydo boʻlgan 12 ta mikromarkaz ham ajratilgan.

M.oʻ.k.ch.m. haqidagi taʼlimotning asosiy nazariy mohiyati madaniy oʻsimliklarda tur hosil boʻlish jarayonining muayyan geografik joyga bogʻliqligini koʻrsatishdir. N. I. Vavilov kashf qilgan irsiy oʻzgaruvchanlikdagi gomologik qatorlar qonuni katta amaliy ahamiyatga ega boʻlib, amaliy seleksiyada qimmatli boshlangʻich material boʻla oladigan, muhim xoʻjalik belgilarining nodir genlariga ega oʻsimliklarning yangi shakllarini yaratishiga imkon beradi. Madaniy ekinlarning aksariyati dehqonchilikda 5— 8 ming yildan beri ekiladi. Oʻsimliklar madaniylashtirilgan sari oʻz markazidan uzoqlashib yangi tuproq-iqlim sharoitlarda ekila boshlaydi. Sunʼiy va tabiiy tanlanish natijasida oʻsimliklarning genotiplari, morfologik va biologik belgilari uzgaradi. Genotip oʻzi shakllangan mintaqasidan boshqa mintaqalarga tarqalgan sari uning biol.ga mos sharoit texnologik tadbirlar orqali yaratiladi. Mas, makkajuxori yaxshi tuplanadigan va sershoxli tipik qisqa kunli tropik oʻsimligidir, ammo yangi navlari va duragaylari 55° shim. kenglikda ekiladi; soya issiqsevar oʻsimlik, 3500—4000° foydali harorat yigʻindisini talab etadi, ammo uning shim. ekotipi 1750—1800° da pishadi. N. I. Vavilov va boshqa olimlarning mehnati tufayli [mas., Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi institutida gʻoʻzaning kelib chiqishi markazlariga akademik A. Abdullayev boshchiligida Meksika (1975), Peru (1984), Shri Lanka, Hindiston, Xitoy (1989—90), Avstraliya (1997)ga ek-speditsiyalar uyushtirilgan] Yer sharining turli mamlakatlariga oʻtkazilgan juda koʻp botanik ekspeditsiyalar natijasida faqat miqdor emas, balki xilma-xilligi jihatidan ham boy boʻlgan, jahondagi eng yirik va noyob madaniy oʻsimliklar hamda ularning yovvoyi ajdodlari kollekdiyalari yaratilgan. Dunyo kolleksiyasi namunalaridan foydalanish asosida turli qishloq xoʻjaligi ekinlarining 1200 dan ortiq navlari yaratilgan.

Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish va shakl hosil qilish megamarkazlari (P. M. Jukovskiy)I. Xitoy-Yaponiya (soya, yum-shok bugʻdoy, tariq, qoʻnoq, marjumak va boshqa vatani).

II. Indoneziya-Hindixitoy(suli, shakarqamish, banan, murch, sabzavot ekinlari).

III. Avstraliya (yovvoyi sholi turlari, avstraliya gʻoʻzalari, sebarga turlari, tamaki, evkalipt, tropik daraxtlar turlari).

IV. Hindiston (sholi, hind bugʻdoyi, shakarqamish, osiyo gʻoʻza turlari, baqlajon, bodring, mango).

V. Oʻrta Osiyo (Oʻzbekiston, Tojikiston, Afgʻoniston, Gʻarbiy Tyanshan togʻlari; koʻk noʻxat, xashaki dukkaklilar, noʻxat, mosh, afgʻon javdari, maxsar, yasmiq, oʻrik, shaftoli, olma, qovun, gʻoʻza turlari va boshqalar).

VI. Gʻarbiy Osiyo (Togʻli Turkmaniston, Eron, Zakavkazye, Kichik Osiyo, Arabiston ya. o.; bugʻdoy turlari, arpa, javdar, suli, beda, tok, chirmashib oʻsadigan zigʻir, nok, gilos, anjir, anor, qovun, sabzavot ekinlari).

VII. Oʻrta dengiz (zaytun, suli, bugʻdoy turlari, dukkakli ekinlar, sebarga turlari, zigʻir, karam, lavlagi, sabzi, sholgʻom, turp, piyoz, sarimsoq, koʻknor, oq xantal).

VIII. Afrika (joʻxori turlari, tariq, kanakunjut, sholi, moyli palma, dukkakli ekinlar, kunjut, kofe, gʻoʻza turlari).

IX. Yevropa-Sibir (tolali zigʻir, duragay sebarga, beda turlari, kendir, xmel, nasha, meva, sabzavot ekinlari).

X. Markaziy Amerika (makkajoʻxori, uzun tolali gʻoʻza turlari, loviya, kungaboqar, qovoq, maxorka, qalampir, kartoshka turlari, koʻp yillik oʻsimliklar).

XI. Janubiy Amerika (madaniy kartoshka, pomidor, tamaki, ananas, koʻp yillik arpa, yer yongʻoq, gurchsimon (chatnaydigan) makkajoʻxori turlari).

XII. Shimoliy Amerika (arpa turlari, lyupin turlari, koʻp yillik oʻtsimon kungaboqar turlari, meva, sabzavot, rezavor oʻsimliklar).

  • Jukovskiy P. V., Mirovoy genofond rasteniy dlya seleksii, L., 1970; Sinskaya Ye. N., Istoricheskaya geografiya kulturnoy flori, L., 1969; Hasanov U. H., Madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari, T., 1989.

Halima Otaboyeva.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil