Kontent qismiga oʻtish

Lokomotiv

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lokomotiv (lot. loco moveo — joyidan quzgʻataman) — temir izlar (temir yoʻl)da ayrim vagonlar yoki poyezdlarni tortib yurishga muljallangan transport vositasi. Dizel-poyezdlar, turbopoyezdlar, elektrpoyezdlar tarkibiga kiradigan motorli vagonlar hamda avtodrezina va motodrezinalar ham lokomotiv vazifasini oʻtaydi. Lekin motorli vagonlar va drezinalarda yoʻlovchilar va yuk tashish uchun oʻrinlar va joylar boʻladi. Umuman temir yoʻldagi barcha tortish vositalari lokomotiv hisoblanadi. Dastlabki lokomotiv 19-asr boshida Buyuk Britaniyada, keyinchalik (1834) Rossiyada (parovoz) yasalgan va deyarli 1 a. mobaynida temir yoʻlda yagona tortish vositasi hisoblangan. 20-asr boshida parovozlarni ancha takomillashgan teplovoz va elektrovoz siqib chiqara boshladi.

Bajaradigan ishiga qarab, lokomotivlar magistral va sanoat lokomotivlariga bulinadi. Magistral lokomotivlar umumiy foydalaniladigan temir yoʻlda, sanoat lokomotivlari esa zavodlar, konlar, shaxtalar, qurilish maydonlari va boshqalarda ishlatiladi. Magistral lokomotivning yuk tashiydigan va yoʻlovchi tashiydigan poyezdlarni tortish uchun, manevr qilish (poyezdlar tuzish), vagonlarning oʻrnini almashtirish uchun muljallangan xillari bor. Lokomotiv ensiz va enli izlarda yurish uchun ham moʻljallab ishlab chiqariladi.

Birlamchi energiya manbai turiga qarab, lokomotiv issiklik va elektr lokomotivlariga boʻlinadi. Issiklik lokomotivlari — parovoz, teplovoz, motovoz, gaz-turbovoz. Bularda energiya ishlab chiqaradigan alohida (xususiy) kuch qurilmasi boʻladi. Elektr lokomotivlari kontakli va akkumulya-torli elektrovozlardan iborat. Parovozni bugʻ mashinasi, teplovoz va motovozni inki yonuv dvigatel, gaz-turbovozni gaz turbinasi, elektrovoz va elektr poyezdni elektr dvigateli va akkumulyator harakatlantiradi. Asosiy lokomotivlardan tashqari har xil aralash lokomotivlar ham bor: dizel-elektrovozlar, teplovozlar, kontaktli-akkumulyatorli elektrovozlar va boshqa (bular unchalik keng tarqalmagan). Hozir, asosan, teplovoz va elektrovozlardan foydalaniladi, tezligi 200 km/soatdan oshadigan aviatsiya gaz turbinali turbovozlar (Angliya, Rossiya), magnit va havo yostiqli lokomotiv (tezligi 500 km/soat gacha) yaratilgan (Yaponiya), yoqilgʻi elementlar va yadro reaktorlardan foydalanib ishlaydigan energetik qurilmali lokomotiv loyihasi ustida ishlar olib borilmoqda.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil