Larzon (raqs)
Qiyofa
Larzon – oʻzbek milliy raqsining Buxoro maktabiga oid raqs turi boʻlib, asosiy harakat va usullar Buxoro ashulachilik maktabiga tegishli, doira zarbi joʻrligida namoyish etiladi. Raqs nomining maʼnosi ham soʻzma-soʻz olganda „tebranish“, „titroq“ degan mazmunni beradi. Raqsning bugungi kundagi shaklini akademik xoregrafik holatga keltirgan muallif Isohor Oqilovdir[1][2][3].
Raqs harakatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Larzon“ raqsida raqqosalar turli taqinchoqlar bilan bezalgan libosda yalang oyoqlar bilan chiqib keladi. Harakatlar doira zarbiga mos ravishda raqqosa butun tanasini olovning pirpirashiga monand silkitishi bilan kechadi. Ushbu jarayonda har bir harakatning oʻz nomi mavjud:
- „Sarizonubozi“ – keskin harakat bilan yerga tizzalab tushish;
- „Ostinbozi“ yoki yelka qoqish – tanani orqaga yoki ikki yonga tashlab harakatlanish;
- „Kajraftor“ – tanani doira boʻyicha harakatlantirish;
- „Sarisiynabozi“ – koʻkrak qismini aylana boʻylab harakatlantirish;
- „Kaft larzon“ – tizzalab yurish va tik turgan yoxud oʻtirgan holatda oyoq kafti hamda barmoqlarini harakatlantirish;
- „Siynalarzon“ — yarim oʻtirgan holda chapdan oʻngga koʻkrak bilan silkinish;
- „Qoʻlband“ — barmoqlarni bir-biri bilan chalishtirish;
- „Peshonabozi“ — boshni sarak-sarak qilish yoki tasdiq imosi shaklida oʻynatish;
- „Domanbozi“ — libos etagini silkish yoki qoʻllarni etak barobarida silkitib, raqs harakatlarini ijro etish;
- „Kaftafshon“ — oyoqlarni juftlagan yoki yelka kengligida ochgan holda tezlik bilan bir necha bor aylanish;
- „Qars“ — qarsak urish, odatda, qoʻllar yuqori va pastdan shiddat bilan yaqinlashtirilib, oʻrtada qars uriladi. Baʼzan ushbu harakat ikki marta bajarilishi mumkin hamda bu „qoʻshqars“ deyiladi;
- „Charx“ — toʻlqinsimon harakat boʻlib, harakat turlariga qarab u „charxi du tarafa“, „charxi domon“, „charxi miyon“ kabilarga boʻlinadi;
- „Qadam“ — qadam tashlab harakatlanish shakli boʻlib, uning ham „orom qadam“, „mayda qadam“, „jumonda“,„kashida“, „beshikasta“ deb nomlanuvchi turlari bor[1][2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Bukhara dances“. ich.uz. Qaraldi: 10-avgust 2024-yil.
- ↑ 2,0 2,1 „Uzbek dance: Larzon“. chinadaily.com (25-may 2023-yil). Qaraldi: 10-avgust 2024-yil.
- ↑ „O‘zbek Raqsining Afsonalari -hujjatli film“. youtube (3-sentyabr 2021-yil). Qaraldi: 12-avgust 2024-yil.