Laminar oqim
Laminar oqim (lot. lamina — plastinka, qatlam) — suyuqlik yoki gazning tartibli (qatlamli) aralashmasdan oqishi. Laminar oqimda suyuqlik yoki gaz oqimga nisbatan parallel ravishda qatlam-qatlam boʻlib siljiydi. Suyuqlik yoki gazlarning kichik tezlik bilan oqishi, oʻta qovushoq suyuqliklarning oqishi, shuningdek, kichik hajmdagi jismdan suyuqlikning ohista oqib oʻtishi va boshqalar laminar oqimga misol boʻladi. Suyuqliklarning ingichka (kapillar) naydan oqish paytida, podshipnikdagi moy qatlamida, jism sirtidan suyuqlik yoki gaz oqib oʻtayotganda shu sirt yaqinida hosil boʻluvchi chegara qatlamlarda va boshqalarda laminar oqimni kuzatish mumkin. Suyuqlik yoki gazlarning harakat tezligi osha borib, vaqtning maʼlum paytida laminar oqim tartibsiz turbulent oqimga aylanadi.
Suyuqliklarning naydagi laminar oqimini kuzatish uchun ingliz fizigi Osborne Reynolds katta bakdagi suyuqlikni uzun shisha nay orqali, kichik tezlik bilan oqizgan. Shu naydagi suyuqlikka rangli suyuqlik qoʻshib, ohista oqizilganda, rangli suyuqlik nay boʻylab rangsiz suyuqlikka aralashmasdan yoʻnaladi. Naydagi suyuqlik oqimining tezligi oshirilsa, maʼlum tezlikdan keyin rangli suyuqlik rangsiz suv qatlamlari bilan aralashib ketadi, yaʼni suyuqlikning laminar harakati yoʻqolib, oʻrniga tartibsiz — turbulent harakat paydo boʻla boshlaydi. Suyuqlikning oqish maromi Reynolds soni Re bilan belgilanadi. Laminar harakat Re ning biror qiymatida (kritik qiymati Re da) buziladi. Re < Rekr boʻlganda laminar oqim, Re > Rekr boʻlganda esa turbulent oqim roʻy beradi. Naydagi suyuqlikning qovushoq laminar oqimi Poiseuille qonuni orqali aniqlanadi. Laminar oqim gidrotexnikada hisobga olinadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |