Kontent qismiga oʻtish

Lamarkizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lamarkizm — organik olam evolyusiyasi toʻgʻrisidagi dastlabki toʻliq taʼlimot. Unga J.B.Lamark asos solgan. Lamarkizmda organik dunyo taraqqiyoti tabiiy qonuniyatlar, yaʼni tabiiy sababli bogʻlanish asosida boradi, lekin bu qonunlar xudo tomonidan muayyan bir maqsadga erishish uchun yaratilgan umumiy qonuniyatga buysunadi, deyiladi. Lamarkizm taʼlimoti boʻyicha oliy yaratuvchi inert materiyaning harakati va ular qonuniyatlarini boshqaruvchisi hisoblanadi; hayotning tuban formalari oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan va hozir ham paydo boʻlib turadi (qarang Hayot). Organizmlarning bundan keyingi rivojlanishi gradatsiya, yaʼni pogʻonama-pogʻona murakkablashuv orqali borgan. Lamarkizm evolyusion jarayonning tabiiy sabablarini ochib berolmaydi; organizmlarning progressga ichki intilishi evolyusiyaning harakatlantiruvchi kuchlari deb tushuntiradi. Lamarkizmning uqtirishicha, tabiiy muhitning uzluksiz taʼsiri organizmlarda adekvat moslanishlarni paydo qiladi va gradatsiyaning buzilishiga, yaʼni yangi turlar hosil boʻlishiga olib keladi. Lamarkizmning koʻrsatishicha, oʻsimliklar sharoit oʻzgarishini moddalar oʻzgarishi orqali sezadi; hayvonlarda esa dastlab talab oʻzgaradi; bu esa, oʻz navbatida, organlardan foydalanishning oʻzgarishiga olib keladi. Organlarning muntazam ishlatilishi ularning kuchli rivojlanishiga, ishlatilmasligi esa ularning yoʻqolishiga sabab boʻladi. Bu oʻzgarishlar irsiylanadi. Keyingi tekshirishlarda organizmlar hayoti davomida tashqi muhit taʼsirida sodir boʻladigan oʻzgarishlar irsiylanmasligi maʼlum boʻldi. Evolyusion jarayon va uning harakatlan-tiruvchi kuchlarini L. idealistik nuqtai nazardan hal etgan boʻlsada, undagi turlarning oʻzgarishi, progressiv evolyusiya toʻgʻrisidagi fikrlar birinchi izchil evolyusion konsepsiya sifatida katta ahamiyatga ega[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil