Kumush gol
Kumush gol qoidasi — 2003-2004-yillarda futbol boʻyicha pley-off bosqichi oʻyinlarida asosiy vaqt (90 daqiqa) yakunida durang qayd etilgan taqdirda gʻolibni aniqlash maqsadida qoʻllangan usul. Oʻyinning asosiy vaqtida durang natija qayd etilsa, uchrashuvda qoʻshimcha vaqt (15 daqiqadan iborat ikki taymli) belgilanadi. Qoidaga koʻra, agar jamoa belgilangan qoʻshimcha boʻlimda gol ursa, bu holatda ilgari qoʻllangan „oltin gol“ qoidasidan farqli oʻlaroq, oʻyin toʻxtatilmaydi, balki joriy boʻlim oxirigacha davom etadi, yaʼni gol belgilangan qoʻshimcha vaqtning birinchi yarmida urilsa, taym oxiriga yetkaziladi va ikkinchi taym oʻtkazilmaydi. Oʻyin tugagan hisoblanadi. Biroq, qoʻshimcha vaqtning birinchi boʻlim oxirida ham hisob oʻzgarmasa, qoʻshimcha vaqtning ikkala boʻlimi ham toʻliq oʻynaladi. Agar qoʻshimcha vaqtdan soʻng ham hech bir jamoa gol ura olmasa yoki bir xil hisobda gol urilsa, gʻolib penaltilar seriyasi yordamida aniqlanadi.
2004-yilda futbol boʻyicha oʻtkazilgan Yevropa Chempionati kumush gol qoidasi asosida gʻolib aniqlangan yagona yirik turnir hisoblanadi. 2004-yil fevral oyida chempionat bahslari boshlanishidan oldin futbolda „ikki boʻlimli qoʻshimcha vaqt va penalti“ klassik qoidalariga qaytish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Oʻsha turnirda oʻyin natijasiga oʻz taʼsirini oʻtkazgan yagona „kumush gol“ nimchorak final bahslaridagi Gretsiya — Chexiya uchrashuvining qoʻshimcha vaqti birinchi boʻlimida kiritilgan. Bu golni gretsiyalik Troyanos Dellas qoʻshimcha vaqtning birinchi boʻlimi tugashiga bir necha soniya qolganida uradi va chexlar bu golga javob qaytarishga ulgurmaydi. Qizigʻi shundaki, aynan Chexiya terma jamoasi birinchi „oltin gol“ni ham oʻtkazib yuborgan edi (Yevro-1996 finalida).
Amaldagi kumush gol qoidasiga koʻra, qoʻshimcha vaqtning ikkinchi boʻlimida kiritilgan gol oʻyin natijasiga taʼsir qilmaydi, yaʼni gol kiritilishi bilan oʻyin yakunlanmaydi, aksincha belgilangan vaqtga qadar davom etadi. Masalan, 2004-yilgi futbol boʻyicha Yevropa chempionatining chorak finalida Angliya va Portugaliya terma jamoalari oʻrtasidagi oʻyinda Ruy Koshta 110-daqiqada inglizlar darvozasiga gol urganidan soʻng ham oʻyin davom etgan, 115-daqiqaga kelib Frenk Lempard Portugaliya darvozasini ishgʻol etgan.
2004-yil fevral oyida IFAB Portugaliyada boʻlib oʻtgan Yevropa chempionatidan soʻng oltin va kumush gollar qoidalarini oʻyin qoidalaridan olib tashlashga qaror qildi. 2006-yil Germaniyada oʻtkazilgan jahon chempionatidan beri „oltin gol“ qoidasi qoʻllanilmaydi[1]. Oʻyin kiritilgan gollar sonidan qatʼi nazar, qoʻshimcha vaqtning oxiriga qadar(30 daqiqa) davom etadi. Qoʻshimcha taymlar yakunida ham durang qayd etilsa, gʻolib penaltilar seriyasiga koʻra aniqlanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |