Kuchar davlati
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kuchar davlati, Kusan davlati (Guyzi guo) — markazi Kuchar viloyati (Sharqiy Turkiston) boʻlgan qad. xonlik (miloddan avvalgi 2-asr—milodiy 8-asr). Uning hukmdori ayrim holdarda "xoqon" deb ham atalgan. Kuchar davlati ilk bor miloddan avvalgi 2-asrda yozilgan xitoy bitiklarida Jyuzi, Chyuyji, Guyzi, Jyuyyi kabi nomlar (hammasi "Kusan" atamasining trans-kripsiyasi) bilan tilga olingan. Ana shu maʼlumotlarga koʻra, ayni zamonda Kuchar davlati katta va kuchli davlat boʻlib, uning aholisi 6970 oila yoki 81317 kishidan, qoʻshini 21076 lashkardan iborat boʻlgan. Kuchar davlati hududida roʻng, sak, yuechji, usoʻng kabi qad.xalqlar yashagan. Davlat markazi Kuchar (Kucha) shahri boʻlib, u oʻz. 3,5 km ga yaqin boʻlgan baland va qalin devor bilan oʻralgan. Keyingi manbalarga koʻra, Kuchar davlatining poytaxti Yan-cheng (Yan shahri demakdir) boʻlgan. Xitoy sayyo)utarining taʼriflashicha, xon saroyi nihoyatda goʻzal boʻlib, xon sher shaklida yasalgan oltin taxtda oʻtirgan.
Hun imperiyasi kuchaygan paytda, Kuchar davlati unga itoat qilgan. "Gʻarbiy Xan" ("Shi Xan") deb nomlangan xitoylar davlati yuksalib Danan (Fargʻona)ga harbiy yurish qilganda Kuchar davlati ham urushga tortilib qisqa muddat davomida Xitoy taʼsiriga oʻtib qolgan. Turk xokonligi davrida Kuchar davlati unga tobe boʻlgan. Mazkur xoqonlik ikkiga boʻlinib ketgandan soʻng (7-asr oxiri) u Gʻarbiy Turk xokonligi itoatida boʻlgan. Kuchar davlatining uzoq davr davomida mavjud boʻlib turishi uning 1000-yildan ortiq davr ichida budda dini markazlaridan biri sifatida namoyon boʻlganligi va bu yerda yirik din arboblari istiqomat qilganligi bilan ham bogʻliqdir.
Xitoy manbalarida uchraydigan eng qad. maʼlumotlarda yozilishicha, Kuchar davlatida paxtadan mato va jundan gilam toʻqish, hayvon terilariga ishlov berish, ayollar uchun zarur boʻladigan turli xushboʻy hidli upa va surmalar ishlab chiqarish hunarmandchiligi yuksak darajada rivojlangan va katta hajmda chetga chiqarilgan. Kuchar davlatida zotli otlar va tovuslarni boqib koʻpaytirish ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ular chetga chiqarilgan mollarichida muhim ahamiyat kasb etgan. Uzumdan musallas tayyorlash keng tarqalgan. Kuchar davlatining oʻziga xos yozuvi boʻlgan. Ammo liniy eʼtiqod va savdo ishlarida hind yozuvlari ham keng qoʻllangan.
Kuchar davlatida musiqa sanʼati ham yuksak darajada rivojlangan boʻlib, u Xitoyga katta taʼsir koʻrsatgan. Shu tufayli Xitoyda "Guyzile" ("Kusan musiqasi") atamasi paydo boʻlgan. Kusan musiqa-sining Xitoyda keng tarqalgan vaqti milodning dastlabki asrlariga, yaʼni Kusanda budda dini rivojlangan vaqtga toʻgʻri keladi. Ayni zamonda Kuchar davlatida mingdan ortiq buddizm ibodatxonalari mavjud boʻlgan.
Kusanning iqlimi iliq, yerdari sersuv boʻlganligi tufayli uning aholisi dehqonchilik va chorvachilik bilan keng shugʻullangan. Kuchar davlati miloddan avvalgi 2 — milodning boshlarida yuksak darajada iqtisodiy va madaniy rivojlangan. Shu zamonlarga oid oltin, mis, temir, qalay va qoʻrgʻoshin konlari topilganligi bunga isbot boʻla oladi.
Abdulahad Xoʻjayev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |