Koriz
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Koriz (fors.) — yer osti suvlarini yigʻish va ularni yer yuzasiga chiqarish uchun quriladigan yer osti inshooti; aholini suv bilan taʼminlash va sugʻorish maqsadlarida qoʻllanadi. K. Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyoda tarqalgan. Oʻrta Osiyoning togʻli va togʻ oldi zonalarida uchraydi. Turkmaniston (Ashxobod shahri yaqinida chuq. 100 m, suv sarfi 150—225 l/s), Oʻzbekistonning Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlarida 200 ga yaqin K. qazilgan. 20-asrning 20-yillariga qadar Oʻrta Osiyoda K. suvlaridan ekinlarni sugʻorishda foydalanilgan. K. kavlash yer osti suvlari sathida roʻy beradigan oʻzgarishlar va joy relyefidagi nishablikni aniq belgilashni talab etgan. Bu maxsus asboblar (astrolyabiya, vaterpas) vositasida amalga oshirilgan. K. trassasi belgilab chiqilgach, shu trassa boʻylab har 5–40 m da quduqlar kavlangan. Quduqlarning chuq. 14–15 m danbaʼzan 60–70 m gacha borgan. Quduqlar suvli qatlamga tutashadigan lahim (tunnel) orqali bir-biriga birlashtirilgan. Lahimning balandligi 1,5 m, eni 1 m boʻlib, devorlari yogʻoch yoki toshlar bilan mustahkamlangan, uzunligi joy nishabligiga qarab bir necha km gacha choʻzilgan. Mas, Nurota (Navoiy viloyati)dagi "Maston" nomli K.ning 280 qudugʻi boʻlib, bosh qudugʻining chuq. 14 m va lahimning oʻz. 3 km boʻlgan. K. qurilishi davrida bu quduqlar tuproq-shagʻalni chiqarib tashlashga, K.ni ishlatish davrida esa kuzatish (nazorat), tiklash, tuzatish va havo almashtirish uchun xizmat qiladi.
Oʻrta hisobda 1 m uzunlikdagi suv yigʻuvchi quduq 0,3—0,6 l/s suv beradi. K. kavlashda bir qancha korizchi jamoalar oylab va yillab lahim hamda quduqlar qazib, minglab kubometr tuproq va shagʻal qazib chiqargan. Nurotada qadimgi K.lardan koʻpi koʻmilib ketgan. Mastak, Zulm, Zulfiqor, Mozor, Xayrobod, Sulton, Maston, Koʻnchi, Begli, Tayla, Korizchi singari 30 dan ortiq K. boʻlgan. Ayrim K.larning nomidan ularning qazilish tarixi, yili chiqadi. Mas, Zulm K.ning nomidagi harflar yigʻindisidan abjad hisobida hijriy 970— milodiy 1533—1534-yillar va Zulfiqor K.dan hijriy 1118— milodiy 1706 yoki 1707-yil raqamlari chiqadi.
Masharif Boqiyev.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |