Kontent qismiga oʻtish

Kirgil ota ziyoratgohi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kirgil ota ziyoratgohi
Joylashuv Fargʻona viloyati Margʻilon shahri
Meʼmoriy uslubi Markaziy Osiyo me'morchiligi
Ochilish sanasi XIX asr
Xarita

Kirgil ota ziyoratgohi — Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida joylashgan qadamjo[1]. Marg‘ilon shahar, Bobodehqon ko‘chasi, 2-uyda joylashgan.

„Kirgil mozor“ ziyoratgohi Marg‘ilon shahriga janub tomondan kirishda shu nom bilan ataluvchi mahalla ichida joylashgan. Ikkinchi nomi „Kirg‘il mozor“. Ziyoratgoh 1933-yilda qurilgan. milliy uslubda qurilgan maqbara, chillaxona, ayvonlardan iborat[2].

Maqbara toʻgʻrisida aholi oʻrtasida har xil fikrlar mavjud. Naql qilinishicha, bundan taxminan ikki yuz yil muqaddam yashab o‘tgan Kirg‘il ota yoxud „Mushukni tiriltirgan to‘ram“ nomi bilan mashhur bo‘lgan Hazrat Ubaydulloh ibn Abdulloh xoʻja qabri ustida qurilgan maqbara. Xalq ogʻzida Kirgil ota ziyoratgohi deb atalishiga oid rivoyatlar ham mavjud: Kunlardan bir kuni hazrat Ubaydullo Xoʻja Eshon masjidda vaʼz aytib turgan mahali uning muridlaridan biri kelib „Hazratimning vaʼzlarini eshitishga kech qolibman“, deb tashqarida qolib kirishga jur’at qilolmay turgan bir paytda uning holati Ubaydullo Xoʻja Eshonga ayon bo‘ladi: „Kirgil so‘fi“, deya xitob qiladi ustoz. Masjiddagilar hazrat bu so‘zlarni kimga aytdi ekan deb taajjubga tushganlarida eshik ochilib, boyagi so‘fi kirib keladi. Shu tarzda Ubaydullo Xoʻja Eshonni „Kirgil ota“ deb atashgan ekan. Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Farg‘ona vodiysi hududiga qalmoqlar bosqin qilib, hozirgi Qirguli hududiga yetib kelganlarida bunday dahshatli baloni yoʻq qilishni aholi Hazrat Ubaydullo Xoʻja Eshondan iltimos qiladi. „Avliyolar xudomas lekin Xudo ulardan judo emas“, deganlaridek Hazrat Ubaydullo Xoʻja Eshon erta tongda Xudodan yurtga kelgan baloni tezroq daf qilishni so‘rab: „Xudoyim, bu dushmanni o‘zing qaytar! Iloyo bitta qolmay qirilib ketsin“, deya duo qilgach, dushman o‘z-o‘zidan qirilib ketgan ekan. Shundan so‘ng bu nom „Qirg‘il“ yoxud keyinchalik „Qirguli“ deb yuritilgan[3].

Majmuaning sovetlar davridagi taqdiri nomaʼlum. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2019-yilning 4-oktyabrida Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[4].

  1. Rasuljon Mirzaahmedov, Azizbek Murtazayev, Asilbek Murtazayev. Marg‘ilon zamini javohirlari. Farg'ona 2014 — 44-bet. ISBN 978-9943-4272-1-1. 
  2. „Fargʻona viloyati“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 3-iyul 2023-yil.
  3. BAXTIER ERALIYEV. O'zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari. Farg'ona viloyati. Toshkent 2014 — 232-bet. ISBN 978-9943-335-24-0. 
  4. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2023-yil 21-iyun.