Kontent qismiga oʻtish

Kinostudiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kinostudiya (kino va italyancha: studio – „oʻrganish“) – kinofilmlar ishlab chiqaruvchi korxona. Kinostudiya badiiy-ijodiy va texnik ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradi. Qanday film chiqarishiga qarab badiiy, hujjatli-xronikal, ilmiy-ommabop, oʻquv kinostudiyasi, animatsion filmlar kinostudiyasiga ajraladi. Kinostudiyaning tashkiliy tuzilishi ishlab chiqariladigan filmlarga, ishlab chiqarish hajmiga, texnik jihozlarga bogʻliq. Film ishlab chiqarish 4 bosqichdan iborat: 1) ssenariy tayyorlash; 2) suratga olish uchun tayyorgarlik (suratga olish joyini, aktyorlarni tanlash, dekoratsiya, kiyim tayyorlash, kinoproba va repetitsiya oʻtkazish, film ishlab chiqarish rejasini tuzish); 3) suratga olish. Bu eng masʼuliyatli va sermehnat bosqich boʻlib, kinostudiya pavilonida va tabiat quchogʻida amalga oshiriladi; 4) filmni montaj qilish, unga ovoz berish, musiqa yozish va qayta ovoz berish.

Suratga oluvchi guruh asosiy ijodiy boʻgʻin boʻlib, film yaratish davrida barcha ijodiy va boshqa xodimlarni oʻz atrofida uyushtiradi. Suratga olishda badiiy-ijodiy guruh faoliyatiga film direktori rahbarlik qiladi.

Oʻzbekistonda „Oʻzbekfilm“, „Oʻzbekiston hujjatli va ilmiy-ommaviy filmlar kinostudiyasi“, „Dostonfilm“, „Yogʻdu“, „Imon“, „Inson“, „Samarqandfilm“, „Shod“, „Yulduz“ va boshqa kinostudiyalar, „Nashtar“ hajviy kinojurnali, shuningdek, Oʻzteleradio qoshida „Oʻzbektelefilm“ faoliyat koʻrsatadi.