Kontent qismiga oʻtish

Kinoshunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kinoshunoslik – kino sanʼati haqidagi fan, sanʼatshunoslik sohasi; kino sanʼati nazariyasi va amaliyotini, tarixi, uning taraqqiyot yoʻllarini, shuningdek, aktyor ijodi, rejissura, kinodramaturgiya muammolari, kinomusiqa, operatorlik sanʼati va boshqalarni oʻrganadi va tadqiq etadi. Kinoshunoslik sohasiga kino nazariyasi va tarixi, kino tanqidchiligi va qoʻshimcha boʻlim sifatida kinobibliografiya va filmografiya kiradi.

Oʻzbekistonda kinoshunoslik XX asrning 20-yillaridan boshlangan. Unda yozuvchi, jurnalist, muharrir va boshqa tomonidan kino haqida koʻplab maqola va taqrizlar yozilgan. 1930-yillarda oʻzbek kinosining boshlovchilari Nabi Gʻaniyev, Sulaymon Xoʻjayevlar ham kino haqida risola va maqolalar eʼlon qilganlar. 1949-yilda Zikrilla Kalonovning „Sovet Oʻzbekistoni kinematografiyasi“ nomli birinchi kitobi oʻzbek va rus tillarida chop etildi.

1950-yillarda adabiyot sohasida ishlaydigan kinotanqidchilar va ilmiy xodimlarning bir guruhi milliy ekran sanʼatining rivojlanish jarayonini oʻrganishga kirishdilar. Bunga oʻsha davrda ishlab chiqarilgan filmlar doirasining kengayishi, yirik kino ustalari guruhining shakllanib borayotganligi turtki boʻldi. S. Muhamedov, R. Pirmuhamedov, M. Melkumov, A. Abdullayev kabi kinochilarning oʻzlari ham kinoshunoslik bilan shugʻullanganlar.

Oʻzbek kinoshunosligining rasmiy rivoji 1960-yillarning boshlaridan boshlangan. Bu Sanʼatshunoslik institutiga ishga kelgan bir guruh kinoshunoslar faoliyati bilan bogʻliq. Joʻra Teshaboyev, X. Abulqosimova, H. Akbarov, B. Hasanovlar shular jumlasidan. Keyinchalik bu boʻlimga M. Mirzamuhamedova, S. Xoʻjayeva, V. Kosheleva, M. Zohidov, S. Hayitmetova qabilar kelib qoʻshildilar. Bu davrda M. Aliyev („Komil Yormatov“, 1960), J. Teshaboyev („Komil Yormatov“, 1964; „Sovet Oʻzbekistoni kino sanʼati“, 1968; „Shukur Burhonov“, 1968; „Asad Ismatov“, 1968), X. Abulqosimova („Nabi Gʻaniyev“, 1965; „Oʻzbek kinosining tugʻilishi“, 1967)larning kino sanʼatining rivojlanish jarayoni, taraqqiyot tarixi, oʻzbek kino ustalarining ijodi va boshqa masalalarga oid asarlari yaratildi.

Asosiy eʼtibor endi milliy kino nazariyasi masalalariga qaratildi, milliy kinodramaturgiya va rejissura rivoji, teatr aktyorlarining kino sanʼati rivojiga qoʻshayotgan hissasi, kinoning boshqa sanʼat turlari bilan oʻzaro bogʻliqligi kabi masalalarga qaratilgan asarlar yaratildi. Oʻzbek kinosidagi anʼana va bunyodkorlik, milliylik va baynalmilallik, mashhur kino ijodkorlarining hayot va ijod yoʻlini yoritishga alohida eʼtibor qaratildi. B. Hasanovning „Malik Qayumov“ (1970), „Oʻzbek hujjatli kinosi“ (1972), H. Akbarovning „Yetuklik“ (1971), „Sehrli nur“ (1977), X. Abulqosimovaning „Taniqli rejissyor“ (1971), „Yoʻldosh Aʼzamov“ (1972), „Shuhrat Abbosov“ (1976), J. Teshaboyevning „Qahramon – yirik planda“ (1972), „Taraqqiyot yoʻli va izlanishlar“ (1973), „Ustaning baxti“ (1975), „Oʻzbek kinosi: anʼana va ijodkorlik“ (1979) kabi asarlari nashrdan chiqdi. Bolalar kinosi va rivojiga bagʻishlangan, „Oʻzbekfilm“da yaratilgan bolalar va multiplikatsion filmlar tavsiflangan M. Mirzamuhamedovaning „Oʻzbekistonda bolalar kinosi“ (1976) kitobi nashr etildi.

1*80-yillarda yangi kitoblar bilan bir qatorda kino sohasidagi muhim muammolarga bagʻishlangan tadqiqotlar amalga oshirildi. Ularda koʻproq respublika kino sanʼatining turli jabhalari, milliy sanʼatda oʻzbek kinosining tutgan oʻrni va roli, televideniye va televizion filmlar muammolariga eʼtibor berildi. H. Akbarovning „Zohid Sobitov“ (1980), „Adabiyot va kino“ (1981), „Latif Fayziyev“ (1985), „Oʻzbekiston kino va televideniyesi“ (1989), M. Mirzamuhamedovaning „Oʻzbekiston bolalar kinosi“ (rus tilida, 1982), S. Xoʻjayevaning „60—70-yillar Osiyo va Afrika mamlakatlari kino sanʼatidagi ilgʻor gʻoyalar“ (1982), J. Teshaboyevning „Oʻzbek kinosi: izlanishlar va ishonchlar“ (1984), X. Abulkrsimova, J. Teshaboyev, M. Mirzamuhamedovalarning „Oʻzbekiston kinosi“ (1985) kabi asarlari shular jumlasidan.

Mustaqillik yillarida kinochilik muammolarini yangicha, yangi davr nuqtayi nazaridan hal etish yoʻllarini izlash koʻzga tashlanadi. Bu yillarda nafaqat oʻzbek kinosiga balki hind, turk, arab mamlakatlari, qoʻshni davlatlar kinematografiyasiga oid ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Shuningdek, oʻzbek kinosining janr va turlari (multiplikatsiya, hujjatli kino, komediya, teleseriallar va boshqalar)ga bagʻishlangan tadqiqiy ishlar ham paydo boʻldi. Kinoshunoslik boʻlimi aspirant va ilmiy xodimlar bilan toʻldirildi.

Oʻzbekistonda kinoshunoslik masalalari Sanʼatshunoslik ilmiy tadqiqot institutining kino boʻlimida oʻrganiladi. Kinoshunoslikka oid maqolalar „Sanʼat“ jurnali, „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ gazetasi va boshqa nashrlar sahifalarida yoritib boriladi.