Kontent qismiga oʻtish

Kigizchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kigizchilik — kigiz tayyorlash kasbi. Kadimdan, asosan, chorvachilik bilan shugʻullanadigan xalqlar orasida keng tarqalgan. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston, jumladan, Oʻzbekiston hududi (Surxondaryo, Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Fargʻona vodiysi)da kigizning guldor, ifodali rang-barang naqshli turlari tayyorlangan. K. bilan, asosan, ayollar shugʻullanadi. Yuvib tozalangan va savalangan jun navlari boʻyicha (yuzlik, oraliq, orqaliq) ajratiladi. Hoʻllangan jun namat (yoki boʻyra) qolip ustiga tekis yoyiladi: avval guli hosil qilinadi, soʻng oraliq va navbati bilan orqaliq qismlari bir tekis yoyib chiqiladi, ustidan qaynoq suv quyiladi, soʻng namat (yoki boʻyra) dumalatib oʻrab yigʻiladi, arqon bilan bogʻlanadi. Oʻram oyoq bilan tepiladi, bilaklanadi, dumalatiladi, vaqt-vaqti bilan suv sepib hoʻllab turiladi. Maʼlum vaqtdan soʻng oʻram yechiladi, suv sepiladi va yana oʻraladi hamda tayyor boʻlgoʻnga qadar bostirish davom ettiriladi. Soʻng tayyor boʻlgan kigizga soʻnggi pardoz beriladi, yaʼni chetlari tortiladi, tekislanadi, ortiqcha tuklari qirqib tashlanadi. K.da oq, kulrang va rangli kigiz xillari tayyorlangan.

Kigizning oyoq kiyimi ichiga solinadigan yupqaroq turi (patak tayyorlash) ham K.da alohida bir sohani tashkil qiladi. 20-asrda sanoatda kigiz tayyorlashning yoʻlga qoʻyilishi K. taraqqiyotini birmuncha susayishiga olib keldi (yana q. Kigiz bosish).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil