Kayxusrav
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kayxusrav, Kavi Xaosrava -1) Eron mifologiyasida kayoniylar sulolasidan boʻlgan 3-shoh. "Shohnoma"ga koʻra, onasi Zahhok qavmidan boʻlgan turonlik Farangis. Otasi Siyovush. Afrosiyob Turon bahodiri Pironga Farangisga koʻz-quloq boʻlib turishini va tugiladigan chaqaloqni oʻldirishni buyuradi. Piron tushida Siyovushni koʻradi. Siyovush oʻgʻlining taxtga oʻtirishini bashorat qiladi. Piron K. deb ism qoʻyilgan chaqaloqni choʻponlarga topshiradi. Bola paxlavon boʻlib yetishadi, uning Shabrangi Behzod nomli qora oti boʻlgan. Eronliklar K.ni topish uchun koʻp ovora boʻlishadi, nihoyat 7 yillik izlanishdan soʻng bahodir Gev K.ni onasi bilan birgalikda bobosi Kaykovus huzuriga olib keladi. K. 60 y. podshoxlik qiladi. Rustam bilan birgalikda u otasining oʻchini olish uchun Afrosiyobga qarshi yurish qiladi. Jangda Afrosiyobning oʻgʻli Shidni oʻldiradi, soʻng Afrosiyob ham halok boʻladi. K. davrida mamlakatda tinchlik-osoyishtalik oʻrnatiladi. K. Afrosiyobning boshqa bir oʻgʻli — Jaxnni tutqunlikdan xalos etib, unga Turonni topshiradi. Ammo K.ning koʻngli oʻzidan xotirjam emas edi. Uning tomirlarida faqat yaxshilikka eʼtiqod qilganning qonigina emas, yovuzlikka eʼtiqod qoʻyganning ham qoni oqishini bilardi. U oʻzidagi yovuzlik ibtidosi undagi ezgulikni yengib qoʻyishidan xavotirda edi. K. taxtni qarindoshi Luhrospga topshirib, oʻzi toqqa yoʻl oladi va tongda gʻoyib boʻladi. Bahodirlar bedarak ketgan K.ni izlashga otlanishadi, kuchli qor boʻroni ularni koʻmib yuboradi va koʻpchilik bahodirlar K. kabi abadiy gʻoyib boʻlishadi.
Avestoda Kavi Xaosrava Ardvi Suradan Frangxrasyon (Afrosiyob)ni yengishda madad soʻraydi. Unga Ardvi madad beradi. "Chunki, Ardvi iymonlilar tilagini bajo keltiruvchi zotdir"; 2) Axomaniylar davlati asoschisi Kir II ning xalq ogʻzaki ijodi, folklorda uchraydigan afsonaviy nomi.
Mirsodiq Ishoqov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |