Kontent qismiga oʻtish

Katastrofizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Katastrofizm (yun. katastrophe — tamom boʻlish, halokat, buzilish), katastrofalar nazariyasi — metafizik taʼlimot. Uning asosida Yer poʻsti va organik olamning rivojlanishi butun Yer planetasi miqyosida sodir boʻladigan, davriy takrorlanib turadigan geologik halokat (kataklizma)lar bilan bogʻliq, degan gʻoyalar yotadi. Davriy global halokatlar haqidagi gʻoya qadimda paydo boʻlgan; 17— 18-asrlarda geol. tarixini oʻrganishda qoʻllangan. Paleontologiyaning asoschisi fransuz olimi J. Kyuvye 1812-yilda Yer katlamlarining almashinishi bilan birga fauna va floraning almashinishi ham sodir boʻlganligini va oʻtmishdagi geologik davrlarda organik dunyo oʻzgarishining sababini oʻzining katastrofalar nazariyasi asosida tushuntirdi. Kyuvyening uqtirishicha, Yer yuzining kattagina qismida roʻy bergan halokatli tabiiy ofat (katastrofa) bu hududlardagi barcha hayvon va oʻsimliklarni halok etgan. Soʻngra ularning oʻrnini omon qolgan joylardan kelgan, lekin qirilib ketgan turlarga hech qanday aloqasi boʻlmagan yangi formalar egallagan. Kyuvye qad. qatlamlardan yosh qatlamlarga oʻtgan sari organik formalarning asta-sekinlik bilan murakkablashib borganligini qayd etgan boʻlsada, u Lamarknnig tirik tabiat evolyusiyasi, keyingi hayot formalarining oldingi formalardan kelib chiqqanligi haqidagi fikrlarini inkor etdi. Kyuvye turlarning oʻzgarmasligi haqidagi kreatsionistik dunyoqarashni yoqlab chikdi. Kyuvyening asosiy gʻoyasi fransuz paleontologi A. d’Orbiniy tomonidan davom ettirildi. A. d’Orbiniy Yer tarixini 27 davrga boʻlib, har bir davring yangi formalar bilan boshlanib halokat tufayli qirilib poyoniga yetganligini aytadi. Shuning bilan birga oʻsha davrdayoq paleontologik dalillardan hayotdagi hodisalarni evolyusion nuqtai nazardan tushunish zaruriyatini yorqin ifodalovchi qator "paleontologik qonunlar" chiqarildi. Bu qonunlarga binoan, qirilib ketgan formalar qanchalik qadimgi boʻlsa, ular bilan hozirgi zamon hayvonlari oʻrtasidagi farq ham shunchalik katta boʻladi, hayvon tiplarining paydo boʻlish tartibi embrion bosqichlarning paydo boʻlishidagi tartibni eslatadi; qirilib ketgan hayvonlar hozirgi hayvonlarga oʻxshash plan asosida tuzilgan, ularning hayoti ham oʻxshash fiziologik faoliyat bilan tavsiflanadi. Bu qonunlar organik dunyo oʻzining tarixiy rivojlanishiga kura, birbutun ekanligidan dalolat berdi. Evolyusion nazariya organizmlar tarixiy rivojlanishida K.ni inkor etadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil