Kontent qismiga oʻtish

Kardioskleroz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kardioskleroz (yun. cardia — yurak va skleroz — qotish, qattiqlashish) — yurak muskullarining turli sabablar (yalligʻlanish, qon kelishining tanqisligi, zaharlanish va b.) oqibatida biriktiruvchi toʻqima bilan almashinishi (turli oʻlchamdagi chandiq hosil boʻlishi). K. rivojiga turli infeksion kasalliklar, revmatizm va b. xastaliklarda yurak muskullarining oʻtkir va surunkali yalligʻlanishi, spirtli ichimliklarga ruju qilish, moddalar almashinuvining kuchli buzilishi (tireotoksikoz, qandli diabet va b.), oʻtkir miokard infarqti, surunkali davomli stenokardiya xurujlari va b. sabab boʻladi. Kelib chiqishiga koʻra, infarqtdan keyingi, miokarditdan keyingi va b. xil K. farqlanadi. K. egallagan maydoni, tarqoqlik darajasi, oʻchoqlarining koʻpligiga qarab yurak faoliyatiga turli darajada salbiy taʼsir koʻrsatadi. Koʻpchilik hollarda K. yurak oʻlchamlarining patologik kattalashishi, yurak aritmiyalari, yurak yetishmovchiligi kabi asoratlarga sabab boʻladi. Bunda bemorlarda yurak faoliyati buzilishining turli alomatlari (yurakning tez, notekis yoki kam urishi, hansirash, oyoq shishishi, lab koʻkarishi, behollik va b.) kuzatiladi. Bunday hollarda bemorlar, albatta, shifokorga murojaat etishi lozim. K.ning oldini olish uchun avvalo uni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish yoki shu kasalliklarga uchraganda yaxshi davolanish kerak. Davosi: K.ning asoratlarini davolash, klinik alomatlarini susaytirishdan iborat. Agar yurak yetishmovchiligi darajasi juda yuqori boʻlib, bemor hayotiga jiddiy xavf solsa, uning umumiy ahvoliga qarab jarrohlik usulini qoʻllash mumkin (anevrizmektomiya, yurakni almashtirish va b.).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil