Kontent qismiga oʻtish

Kardiologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kardiologiya (kardio... va ...logiya)— tibbiyot fanining bir boʻlimi: yurak-tomir sistemasining tuzilishi, funksiyasi va kasalliklarini, ularning yuzaga kelish sabablari, rivojlanish mexanizmlari, oʻziga xos kechishi hamda diagnostikasini oʻrganadi, shuningdek, ularni aniqlash, davolash va oldini olish usullarini ishlab chiqadi. Kardiologiyaning mustaqil fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi 19-20-asrlarga toʻgʻri keladi. Bu Aristotel, Gippokrat, Dioskorid, Galen va Ibn Sinolarning faoliyati bilan bogʻliq. 1628-yil ingliz vrachi Garvey qon aylanish doirasini tavsiflaganidan soʻng Kardiologiya masalalariga oid bilimlar toʻplana bordi. 1761-yil avstraliyalik vrach Auenbrugger ichki aʼzolarni tadqiq etishning yangi usuli — perkussiyani kashf etdi. 19-asrda stenokardiya, revmatizm, yurak poroklariga xos klinik alomatlar aniqlandi. Fransuz vrachi J. Buyo (1835) va G. I. Sokolskiy (1836) asarlarida revmatizm va yurakning shikastlanishi oʻrtasida bogʻliqlik borligi haqidagi fikrlar ilgari surilgan. Fransiyalik olim R. Laennek tomonidan 1816-yil stetoskopni ixtiro etilishi va amaliyotda auskultatsiya usulining joriy qilinishi (1819) tufayli yurak-tomir kasalliklari diagnostikasi koʻlami ancha kengaydi.

1889-yil fransuz vrachi P. Potep arterial qon bosimini oʻlchash asbobi — monometrni taklif etdi, shu maqsadda 1896-yil italiyalik olim S. Riva-Rochchi apparatidan foydalana boshlandi. 19-asrning 2-yarmiga kelib fiziologiya fani ulkan yutuqlarga erishdi. Nemis fiziologi K. Lyudvig va rus olimi F. V. Ovsyannikov uzunchoq miyada tomirlarni harakatlantiruvchi markaz borligini, E. Veber (nemis), I. F. Sion va I. P. Pavlov markaziy nerv sistemasining yurak va tomirlar faoliyatiga taʼsir etish xususiyatini aniqladilar. S. B. Botkin klinik kardiologiyaga asos soldi. G. F. Lang (1935)ning yurak-tomir sistemasi kasalliklari tasnifi va miokard distrofiyasi toʻgʻrisidagi taʼlimoti hanuzgacha oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq.

Oʻzbekistonda kardiologiya sohasiga 20-asrning 30 yillarida asos solindi, bunda terapevtik maktab asoschilari M. N. Slonim va N. A. Kassirskiylar yuraktomir kasalliklariga terapevtik yondoshish yoʻnalishlarini belgilab berdilar. Ularning bu sohada olib borgan tadqiqotlari kardiologiya taraqqiyotiga asos boʻldi. Oʻrta Osiyo sharoitida yuqori harorat, quyosh nuri, quruq va chang havoning qon aylanishiga salbiy taʼsiri oʻrganildi. (3. I. Umidova, O. N. Pavlova, N. I. Ismoilov, X. I. Yanboyeva), shuningdek, qon aylanish meʼyorlari va patologiyasiga xos koʻrsatkichlar aniqlandi. Ob-havo oʻzgarishining gipertoniya bilan kasallangan bemorlarga meteopatik taʼsiri tavsiflab berildi; arterial bosim (AB)ning koʻtarilishi bemorning yoshiga bevosita bogʻliq ekanligi oʻrganildi (A. K. Kaplan, A. B. Bahodirov, R. A. Katsenovich, A.A. Orifjonov va b.). Gipertoniya kasalligini kechishi qontomir reaktivligi, tashqi nafas, buyraklar funksiyasi, suv-tuz almashinuvi holatlari oʻrganilib, bunda AB ning koʻtarilishi bilan ular oʻrtasida bevosita bogʻliqlik mavjudligi aniqlandi (A. B. Bahodirov, 3. A. Dolimov, T. U. Maqsudxonov va b.). Lipidlar almashinuvi natijasida elektrolitlar va mikroelementlar almashinuvidagi buzilishlarda paralellar yuzaga kelishi, ateroskleroz rivojlanishida immunologik reaktivlikda oʻzgarishlar boʻlishi qayd etildi (A. Xoʻjayev, A. I. Nikolayev, N.Uu.Abdullayev, Shodmonov va b.). Ateroskleroz bilan shikastlangan qon tomirlarni jarrohlik usulida davolash (V. V. Vohidov, Oʻ. O. Oripov, D. S. Gʻulomov, SHM.Karimov va b.) mumkinligi : ilmiy va amaliy jihatdan asoslandi. Mahalliy dorivor oʻsimliklardan tayyorlangan 5 ta yangi preparatdan ateroskleroz, aritmiya, miokard infarqtini davolashda foydalanish (R. Q. Kurbonov, G. K. Qiyoqboyev); oʻtkir miokard infarktiga chalingan bemorlar sogʻligʻini bosqichma-bosqich tiklash masalalari hal etildi. Yurak-tomir sistemasi kasalliklarining ob-havo sharoitiga bogʻliqligi (KM.Yoʻldoshev, Oʻ’.B.Sharonov, A.M.Ubaydullayev), yuraktomir kasalliklarining diagnostikasi va oldini olish yoʻllari oʻrganildi (RA.Abdullayev). Inistitut olimlari tomonidan bemorlarga yordam koʻrsatishning yangi shakli — ambulator davolash yoʻlga qoʻyildi.Hozir respublikada ambulator davolashga ixtisoslashtirilgan 10 dan ortiq markaz faoliyat koʻrsatadi. 1999-yildan Kardiologiya ilmiy tadqiqot institutining kardiologiya markaziga aylantirilishi kardiologiya muammolarini aniq yagona reja asosida rivojlantirish imkonini berdi.

Ad.:Yuldoshev K.Yu., Xol matov B.X., Maksumova M.G., Klinicheskaya elektrokardiografiya, T., 1995; Yuldashev K.Yu. i dr., Farmakoterapiya infarqta miokarda, T., 1995.

Shohruh Yaqubov.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil