Kamoliddin Behzod nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Kamoliddin behzod nomidagi oʻzbekiston respublikasi davlat mukofoti - adabiyot, sanʼat va meʼmorlik sohasidagi davlat mukofotlaridan biri. 1997-yil 23-yanvarda taʼsis etilgan. Sharq uygʻonish davri yetuk sanʼatkori, buyuk miniatyurachi musavvir Kamoliddin Behzod nomi bilan yuritiladi. Mukofot tasviriy va amaliy sanʼat, xalq hunarmandchiligi sohasida yaratilgan, milliy istiqlol gʻoyalarini yorqin badiiy shakllarda aks ettirgan, Oʻzbekistonning buyuk tarixini va hozirgi yuksalish jarayonlarini haqqoniy obrazlar orqali gavdalantirgan va keng jamoatchilik tomonidan tan olingan yetuk sanʼat asarlari uchun beriladi. Mukofotga soʻnggi toʻrt yil mobaynida yaratilgan, koʻrgazmaga qoʻyilgan yoki boshqa tarzda eʼlon qilingan monumental tasviriy sanʼat, meʼmorlik-badiiy taʼmirlash va haykaltaroshlik asarlari koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi. Mukofotga taqdim etish toʻgʻrisidagi qarorlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari, ijodiy uyushmalar, respublika va xalqaro jamoat tashkilotlari rahbar organlari tomonidan qabul qilinadi. OʻzRning boshqa Davlat mukofotiga ilgari sazovor boʻlgan asarlar bu mukofotga tavsiya etilmaydi. Bir mukofotga talabgorlar soni 3 kishidan oshmasligi lozim. Mukofotni OʻzR Prezidentining farmoni bilan har uch yilda bir marta Mustaqillik bayrami arafasida berish tartibi joriy qilingan. Mukofotning har biri 80 ta eng kam oylik ish haqi miqdorida belgilangan. Mukofotga sazovor boʻlgan ijodkorlarga tantanali vaziyatda sovrindorlik yorligʻi va faxriy nishon topshiriladi. Mukofot sovrindorining nishoni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi. Mukofot takroran berilmaydi. 1997-y.da Toir Boltaboyev, Xurshid Nazirov va Gʻayrat Kamolov, Anvar Ilhomov va Baxtiyor Rahmonberdiyev, Raimberdi Matchonov mukofotga sazovor boʻlgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |