Kontent qismiga oʻtish

Jagʻ

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Jagʻ — 1) hayvonlarda oziqni tutib turish va maydalash funksiyasini bajaradigan aʼzo. Boʻgʻimoyoqlilarda jagʻ funksiyasini shaklan oʻzgargan bosh oʻsimtalari: oyoqjagʻlar, mandibulalar, maksillalar, xemitseralar, pedipalpalar (oyoqpaypaslagichlar) bajaradi. 2) Jagʻogʻizli hayvonlar va odamda — yuz skeletining bir qismi. Jagʻ evolyusiya jarayonida dastlab baliqlarda hosil boʻlgan. Togʻayli baliqlarning togʻaydan iborat birlamchi jagʻi plakoid tangachalardan vujudga keladi. Suyakli balikdar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar hamda qushlarda yuqori va pastki jagʻning keyingi qismida ikkilamchi jagʻ hosil boʻladi. Suyakli baliqlardan boshlab yuqori jagʻ ikkilamchi hisoblanadi. Birlamchi yuqori jagʻ bosh skeletining tanglay qismiga siljiydi; sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilarda tishlarini yoʻqotadi. Ayrim hayvonlar jag' ida tishlar boʻlmaydi; ular oʻrniga muguz tumshuq hosil boʻladi (qushlar). Odamda yuz skeletidagi eng yirik suyak. Yuqori va pastki jagʻlarga boʻlinadi. Yuqori jagʻning alveolyar oʻsigʻida va pastki jag' tanasining tepa qirralarida tishlar turadigan katakchalar bor. Yuqori jag' (bir juft) murakkab tuzilgan burun, koʻz kosasi va ogʻiz boʻshliqlarini hosil qilishda faol qatnashadi. Uning tanasi va 4 ta oʻsigʻi bor, chakka osti va qanottanglay chuqurlarining tuzilishida ishtirok etib, yuzning hamma suyaklari bilan birlashadi.

Pastki jagʻ (toq) — juda qattiq va yoʻgʻon suyak. U chakka suyagi bilan boʻgʻim tuzib birlashadi, ogʻizni ochib-yumish va yon tomonga harakat shu boʻgʻimda bajariladi. Pastki jag' suyagi bagʻrida kanal boʻlib, undan tomir va nervlar oʻtadi. Yuqori jag' kasalliklaridan gaymorit, pastki jagʻda esa osteomiyelit va suyak sinishi koʻproq uchraydi (yana q. Tish)[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil