Kontent qismiga oʻtish

Ishchilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mehnatkash ish vaqtida.
Fayl:Vladimir Putin 22-mart 2002-yil-4.jpg
Vladimir Putin (chapda) va shaxta ishchilari.

Ishchilarindustrial jamiyatda mehnatga layoqatli aholining yollanib ishlovchi va jismoniy mehnat bilan shugʻullanuvchi toifasi, ijtimoiy guruh. XIX asr oʻrtalarida Yevropada sanoat rivojlanishi bilan dehqonlar va hunarmandlar hisobidan sanoat proletariati paydo boʻldi, ishchilarning kasaba uyushmalari va siyosiy partiyalari shakllandi (qarang: Marksizm, Sotsializm). XX asrning ikkinchi yarmidan rivojlangan industrial mamlakatlarda fan-texnika progressi, xizmat koʻrsatish sohalarining oʻsishi va boshqalar natijasida ishchilar soni nisbatan qisqardi (iqtisodiy faol aholining 50% dan kam qismi), turmush darajasi, madaniy rivojlanishi va boshqalar boʻyicha ishchilar bilan boshqa ijtimoiy guruhlar oʻrtasidagi qatʼiy chegaralar oʻzgardi; turli ijtimoiy-kasbiy qatlamlarni oʻz ichiga olgan ishchilarning oʻz tarkibi ham oʻzgardi. SSSR va boshqa sobiq sotsialistik mamlakatlarda ishchilar jamiyatning rahbar kuchi — gegemoni deb eʼlon qilingan edi, lekin totalitar tuzum davrida bu qatlam oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilishning real imkoniyatlaridan mahrum edi. 1980-yillar oxiridan bu mamlakatlarda ishchilar harakatining qayta tiklanishi jarayoni boshlandi.

Hozirgi davrda mehnat axdining asosiy qismi boʻlgan ishchilar oʻziga xos ijtimoiy-iqtisodiy maqomga ega, bu ularning yollanib ishlashi; xizmatchilardan farqli holda jismoniy mehnatni talab qiluvchi ishlar bilan shugullanishi va mehnatdan kelgan daromad sohibi boʻlishida koʻrinadi. Qaysi sektorda band boʻlishiga qarab industrial, agrar va xizmat koʻrsatish sohalaridagi ishchilarga, kasb mahoratiga qarab malakali va malakasiz ishchilarga, fuqaroligiga qarab milliy va kelgindi yoki migrant ishchilarga boʻlinadi.

Oʻzbekistonda milliy ishchilar XX asrning boshlarida xorij kapitaliga va mahalliy boylarga qarashli kichik korxonalarda yollanib ishlagan mardikorlar, chorakorlar, kambagʻal dehqonlar va ishi yurishmagan hunarmandlar hisobidan shakllana boshladi. Shoʻrolar davrida sanoatning rivojlanishi bilan ishchilar soni koʻpaydi, lekin bu jarayon, asosan, kelgindi ishchilar hisobiga yuz berdi. Milliy ishchilar agrar sohada band boʻlib, asosan, davlat xoʻjaliklari (sovxozlar) da ishlagan. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin sanoatning rivojlanishi malakali milliy ishchi kadrlarga ehtiyojni kuchaytirdi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturida kasbhunar taʼlim tizimi orqali malakali ishchilar tayyorlashga alohida eʼtibor berilgan. Respublikada sanoatning rivojlanishiga qarab ishchilarning mehnatchilar tarkibidagi salmogʻi asta-sekin oshib bormoqda.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil