Kontent qismiga oʻtish

Inflyatsiya turlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Inflyatsiyaning ikki ko'rinishi mavjud: talab inflyatsiyasi (iste'molchilar inflyatsiyasi) va sarf xarajatlar inflyatsiyasi (sotuvchilar inflyatsiyasi). Birinchisi iste'molchilardagi pul vositalarining ortiqchaligini bildirsa, ikkinchisi ishlab chiqarish sarf xarajatlarining oshishini bildiradi.

Talab inflyatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Talab inflyatsiyasi - bu iqtisodiyotda yalpi talabning keskin oshib ketishi va uni ishlab chiqarishning real hajmi bilan qondirish mumkin bo'lmay qolishi hisoblanadi. Ortiqcha talab - narxlarning oshib ketishiga sabab boʻladi. Narxlar oshganda foydaning oshirishga imkon tug'iladi. Shunda ishlab chiqaruvchilar ishlab chiqarishni kengaytib, qo'shimcha ishchi kuchi yollashadi, ishsizlik darajasi pasayadi va buning oqibatida ish haqi oshadi, lekin, kelajakda talabning yanada oshishiga va narxlarning ko'tarilishiga olib keladi.

Sarf xarajatlar inflyatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu yerda ikki xil dastlabki holat bo'lishi mumkin, ish haqi oshishi (kasaba uyushmalarning yoki ishchilarning talabi natijasida) yoki xom ashyo va yoqilg'ining (import narxlarining oshishi, qazib chiqarish shartlarining oʻzgarishi, transport xarajatlarning oshishi va boshq.) qimmatlashishi natijasida sarf xarajatlar inflyatsiyasi kelib chiqadi.

Bozordagi yalpi talab ortiqcha hisoblanmasa ham, lekin, ishlab chiqarish xarajatlari oshishi natijasida tovarlar taklifi kamayadi. Bu, o'z navbatida, narxlarning oshishiga, keyinchalik inflyatsiyaning yangi buramasiga olib keladi. Amaliyotda inflyatsiyaning ikki turini ajratish juda qiyin. Lekin, qaysi inflyatsiya turi inflyatsion narx oshishiga sabab bo'lganini bilish muhim. Ko'pgina rivojlangan mamlakatlarda xarajatlar inflyatsiyasi o'z-o'zini boshqarish xususiyatiga ega: agar daromad ko'payib, narxlar oshsa, unda tovarlar ishlab chiqarilishi va taklifi asta-sekin qisqaradi va bu natijada sarf xarajatlarning oshishini ushlab turadi. Talab inflyatsiyasi va sarf xarajatlar inflyatsiyasining birikmasi inflyatsiya spiralida o'z aksini topadi va bunda iqtisodiy agentlarning o'sayotgan inflyatsion kutishlari uzatma mexanizm rolini bajaradi. Agar Markaziy Bank va hukumat inflyatsion kutishlarni boshqarib olmasa, spiralni asosini tashkil etuvchi "ish haqi - narxlar" harakati giperinflyatsiyani keltirib chiqaradi. Umuman olganda, giperinflyatsiyani boshqarib bo'lmaydi. Narxlarning boshqarish vositalari va odatiy funktsional oʻzaro aloqalari ham ish bermaydi. Bosma stanoklar to'la quvvatlarda ishlaydi, misli ko'rilmagan olibsotarlik boshlanadi. Ishlab chiqarish nazoratdan chiqib ketadi. Giperinflyatsiyani jilovlash uchun maxsus choralar kerak bo'ladi. Biroq, bu usullar qanday bo'lishi kerakligi to'g'risida yagona ko'rsatma yo'q.


  1. [1]Mankiw, N. Gregory (January 2020). Principles of economics (Ninth ed.). Boston, MA. ISBN 978-0-357-03831-4. OCLC 1109789332
  2. R.A. Djuraeva, L.M. Tashpulatova (2016). Makroiqtisodiyot. Toshkent sh.,Mustaqillik shoh ko'chasi, 54
  1. „Principles of Economics (Mankiw book)“, Wikipedia (inglizcha), 2023-04-05, qaraldi: 2023-04-05