Kontent qismiga oʻtish

Imom Abu Mansur Moturudiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturudiy – imom, fiqh olimi, kalom ilmining moturudiylik oqimi asoschisi. Samarqandda tugʻilib, oʻsib, taʼlim olib, ijod qilib, shu yerning oʻzida hijriy 333-yilda vafot etgan.

Moturud- Samarqanddagi qishloqlardan birining nomi boʻlib, Arabcha „ما طرود“ yaʼni „nima deysan“ soʻzidan olingan. Shayx Abu Mansur kalom ilmiga ruju qilgan paytlarida shogirdlari koʻpayib ketgan va ular oʻzaro bahs qilganlarida bir-birlariga arab tilida koʻpincha „Mo turid?“ deb murojaat qilganlar. Shu soʻz koʻpchilik qulogʻiga tez-tez chalinavergach, Shayx shogirdlarini moturidiylar, qishloq nomini esa Moturid deb atay boshlaganlar (Zarnujiy. „Taʼlim al-mutaʼallim“ sharhi).

Imom Abu Mansur Moturudiy hanafiy boʻlib, Imom Aʼzamning shogirdlari imom Muhammad ibn Hasan rahmatullohi alayhning ikki vosita ila shogirdlari boʻlgan. Yaʼni u kishining ustozlari imom Muhammadning shogirdlari boʻlgan. Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayh fuqarolar va muhaddislar chaqirgan narsaga chaqirgan. U kishi juda ham mashhur boʻlib, Movarounnahrda barcha unga murojaat qilgan. Ular u kishidan fiqh, usulul fiqh va boshqa diniy ilmlardan taʼlim olganlar.

Yozgan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Imom Moturidiyning qalamiga mansub asarlarning soni oʻn beshtaga yetib qoladi. Tarixiy manbalarda Moturidiyning koʻplab asarlari haqida maʼlumotlar yetib kelgan. Ularda taʼkidlanishicha, Moturidiy uch yoʻnalish: kalom, tafsir va fiqh boʻyicha asarlar yozgan Tafsirga oid „Taʼvilotu ahlis-sunna

Kalomga oid „Kitob at-tavhid“ (Tavhid kitobi), „Rad usul al-xamsa“ (Besh usulga raddiya), „Radd al-Amamiyya li-baʼd ar-ravafid“ (Imomiylarning baʼzi rofidiylarga raddiyasi), „Rad alal Qaramita“ (Qarmatiylarga raddiya).

Fiqhga oid „Maʼxaz ash-sharaʼi fi-l-fiqh“ (Fiqh ilmida sharʼiy manbalar), „Al-jadal fiy usul al-fiqh“ (Fiqh ilmi asoslari xususida munozaralar)

Uning boy ilmiy merosidan faqat uch dona asari bizgacha yetib kelgan. Bular „Taʼvilotu ahlis-sunna“, „Kitob at-tavhid“ va „Kitobul maqolat“ asarlaridir. Imom Abu Mansur Moturudiy rahmatullohi alayh usul boʻyicha „ Kitobul Jadal“ni va fiqhda „ Maʼoxizush-shariy’at“ni taklif qilganidan keyin shuhrati yana ham oshib ketdi. Shundan keyin ilmi kalomda shuhrat qozonib, Xuroson ahli ushlagan mazhab sohibiga aylandi. Imom Abu Mansur rahmatullohi alayhning aqiydadagi mazhabib Aulhasan Ash’ariyning mazhabiga teng boʻldi.

Imomi Moturudiy bilvosita Imomi Abu Hanifaning shogirti hisoblanadi. Jumladan:

1. Abu Nasr al-Iyoziy (Ahmad ibn Abbos). Bu zot Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniydan taʼlim olganlar. Shayx Abu Mansur fiqh taʼlimlarida Abu Nasrga sheriklik qilgan boʻlib, Somoniylar davrida dor ul-harbada asir holatida yashagan. Keyinchalik oʻsha yerda vafot etgan („ Tarixi Samarqand“dan).

2. Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy. Ray shahrining qozisi boʻlgan bu zot Abu Hanifaning shogirdi – Muhammad ibn Hasan al-Shayboniyda oʻqiganlar. Saxobalar orasida mashxur boʻlgan Vakiydan hadis rivoyat qilgan. Hayotlik vaqtida Imomi Buxoriy bilan koʻrishib, uning ham halqalarida qatnashgan.

3. Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniy. Bobosining ismi Subh yoki Subayh ekanida muarrixlar ixtilof qilganlar. „Al-Furuq vat-Tamyiz“, „Tavba“ va boshqa kitoblar mualliflari boʻlib, yozish asnosida Imomi Moturudiy bilan birgalikda ishlagani haqida maʼlumotlar mavjud.

4. Nasir ibn Yahyo al-Balxiy. Bu zot ham mazkur shayxlari kabi Abu Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Muteʼ al-Hakim Abdulloh al-Balxiy va Abu Muqotil Hafs as-Samarqandiydan saboq olgan hanafiy maktabiga mansub fiqh va kalom ulamolaridandir.

Imomi Moturudiy hayoti davomida aqida va usul fanlariga katta etibor bergan va shu sohada koʻplab shogirtlar yetishtirgan. Keyinchalik, esa Moturudiy maktabiga asos solgan.

1. Abul-Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Zayd al-Qoziy – al-Hakim as-Samarqandiy (vafoti 335-yil. Chokardiza qabristoniga dafn etilgan). Imomi Moturudiyning asosiy shogirtlaridan biri hisoblanadi. U fiqh, aqida va usul fanlarini Imomi Moturudiyning oʻzidan oʻrgangan. Uzoq vaqt Samarqandda qozilik vazifasini oʻtagan. Asarlaridan „Savodi aʼzam“, „Imon“ risolasi mashhurdir.

2. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rustufagʻniy as-Samarqandiy. Hanafiya fiqhi va usuli boʻyicha shuhrat qozongan. U bilan ustozi Shayx Moturidiy oʻrtasida mujtahid xatosiga oid masalada ixtilof kechgan. „Irshodul-muhtadiy“, „Az-zavoid val-favoid“, „Al-as’ilatu val-ajviba“, „Bayonus-Sunnati val-Jamoa“ kabi asarlar muallifidir. Vafoti 350 yil.

3. Abu Muhammad Abdul-Karim ibn Muso ibn Iso al-Pazdaviy. Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi Pazda yoki Pazdava qishlogʻidan. Asosan, fiqh ilmida mashhur boʻlgan.

4. Abu Ahmad ibn Abi Nasr Ahmad ibn al-Abbos al-Iyoziy. Abu Mansur hazratlarining ustozlari Abu Nasr al-Iyoziyning oʻgʻli. Fiqh, nutq, iffat va taqvoda benazir boʻlgani haqida naql qilinadi.

5. Abu Abdir-Rahmon ibn Abil-Lays al-Buxoriy. Kalom va fiqh ilmlarini Abu Mansur hazratlaridan olgan. U Abul-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy bilan koʻp vaqt birgaliqda tahsili ilmda boʻlgan.

Ilmiy unvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

– Imomul-hudo (Hidoyatga eltuvchi imom).

– Qudvatu Ahlis-sunna (Ahli Sunnat peshvosi).

– Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqoidini isloh etuvchisi).

– Imomul-mutakallimin (Kalom ilmi olimlarining peshvosi).

— Rabibu Ahlis-sunna (Ahli Sunna val-Jamoa tarbiyasini olgan).

– Al-Imom az-Zohid (Dunyoni tark etgan imom).

– Ash-Shayx al-Imom.

Bu unvonlar Imomga xalq tomonidan berilgan boʻlib, yozgan kitoblari, olib borgan maʼruzalari va boshqa amallariga nisbat qilib berilgan va islom olamiga shu nomlar orqali tanilgan.

Imomning vafoti toʻgʻrisida „Usul ad-diyn inda Imom Abu Hanifa“ kitobida quyidagicha keltiriladi: „… U Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib, 333/945 yilda vafot etgan“. Yaʼni, islom olamida katta nufuzga ega boʻlgan, ahli sunnaning ikkinchi aqidaviy mazhabi boʻlgan Ashʼariya mazhabining asoschisi Abul Hasan Ashʼariy vafotidan toʻqqiz yil oʻtib Samarqandda vafot etgan va shahar chekkasidagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.

Moturidiya ulamolarining eng mashhurlaridan Abu Muin an-Nasafiy (438-508 H./1046—1114 m.) oʻzlarining „Tabsiratul-adilla“ kitobida shunday yozadilar: "Abu Mansur Moturidiy vafot etganlarida yaqin shogirdlaridan biri Abul-Qosim al-Hakim uning qabr toshiga quyidagi bitikni yozdirgan ekan:

Yaʼni: „Bu qabr nafaslari miqdoridagi ilmlarni oʻzida jam etgan, bor kuchini u ilmlarni tarqatish va oʻrgatish bilan tugatgan, bas, shuning uchun diniy asarlari maqtovga sazovor boʻlgan va oʻz umridan serhosil mevalarni olishga erishgan zotning qabridir“.

Shayx Abu Mansur Moturidiyning qabri Samarqand shahrining Chokardiza qabristonida ekanligi ishonchli manbalar va ilmiy tadqiqotlar asosida oʻz tasdigʻini topdi. Shunga binoan 2000 yilning may oyida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan bu xususda maxsus fatvo chiqarildi.

Oʻzbekistonda Moturidiy merosini oʻrganishga faqat mustaqillikdan keyingina kirishildi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 2000-yilda Moturidiy tavalludining 1130-yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlandi. Oʻzbekiston prezident I. A. Karimov tashabbusi bilan Samarqandda alloma xotirasiga yodgorlik majmui bunyod etildi. Toshkent va Samarqandda Moturidiy taʼlimoti va uning islom olamida tutgan mavqeiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy anjumanlar oʻtkazildi. Moturidiy hayotining turli qirralarini yorituvchi maqolalar, risolalar va tadqiqotlar chop etildi. Moturidiy merosini oʻrgangan xorijlik olimlar bilan samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatildi. 2001-yilda Göttingen (Germaniya) universitetining professori Rudolf Ulrich qalamiga mansub „Al-Moturidiy va Samarqand sunniylik ilohiyoti“ kitobi oʻzbek tilida nashr etildi.

2002-yilda mazkur kitobning keng ommaga, jumladan, oliy oʻquv yurtlarining talabalari va oʻrta maktablarning yuqori sinf oʻquvchilariga moʻljallangan nashri amalga oshirildi. Endilikda xalqimiz Moturidiy merosi bilan oʻz ona tilida tanishish imkoniga ega boʻldi[1].

  1. [Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) „Imom Abu Mansur Moturudiy“]. https://uz.wikipedia.org/wiki/2000. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005). Qaraldi: 3-dekabr 2022-yil.

•Al-Moturidiy taʼlimoti va uning Sharq xalqlari madaniyatidagi oʻrni. Maʼruzalar toʻplami, T., 2000;

•Karimov I. A., Vatan ravnaqi uchun har birimiz masʼulmiz Imom Moturidiy tavalludining 1130-yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlangan nutq, 9-j, T., 2001;

•Uvatov U., Imom al-Moturidiy va uning taʼlimoti, T., 2000;

•Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. „Sunniy aqiydalar“

•Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. „Aqoid ilmi va unga bogʻliq masalalar“