Ibrohim Hamroyev
Ibrohim Hamroyev (1916.25.12, Buxoro — 1999.17.1, Toshkent) — kompozitor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1975), Oʻzbekiston xalq artisti (1988). Toshkent konservatoriyasi (A. F. Kozlovskiy sinfi; 1945)ni tugatgan. 1939-yildan Toshkent konservatoriyasida pedagog (1977-yildan dotsent). Toshkent musiqa bilim yurti direktori (1950—1957). Operalar („Oyjamol“, 1969; „Choʻl chaqmogʻi“, 1973), musiqatkdrama va komediyalar („Shoirning orzusi“, „Meli xobbonu Nabi tovon“, „Bir gʻuncha ochilguncha“), vokal-simfonik asarlar („Oʻzbekiston xotin-qizlari“ kantatasi va boshqalar), orkestr joʻrligida chang uchun, fortepiano joʻrligida rubob uchun konsertlar, qoʻshiqlar („Tinglang meni, sayyoralar“, „Oʻzbekistonim mening“ va boshqalar), shuningdek, bolalar uchun musiqali spektakllar, xorlar muallifi. Musiqa oʻquv yurtlari uchun darslik va metodik qoʻllanmalar yozgan (2 qismli „Solfejio“, T., 1971, 1978 va boshqalar). Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1959, 1970).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |