Hofiz Tanish Buxoriy
Hofiz Tanish Buxoriy ibn Mir Muhammad Buxoriy, Mavlono Naxliy (taxminan 1540 — Buxoro — 1589) — tarixchi olim va shoir. Otasi Mir Muhammad Buxoriy Ubaydullaxonning eng yaqin kishilaridan sanalgan. Hofiz Tanish Buxoriy Buxoro madrasalarida tahsil olgan.
Qulbobo Koʻkaldoshning tavsiyasi bilan Hofiz Tanish Buxoriy Abdullaxon II saroyiga xizmatga qabul qilingan va xonning shaxsiy voqeanavisi (tarixchisi) qilib tayinlangan (1570-yildan). U umrining oxirigacha shu lavozimda xizmat qilgan. Hofiz Tanish Buxoriy oʻz davrining yetuk shoiri boʻlib, u „Mavlono Naxliy“ taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. 1560-yilda u Iskandarxon taxtga oʻtirganida unga qasida bagʻishlagan. Uning sheʼrlari koʻplab tazkiralar va bayozlarda uchraydi.
Hofiz Tanish Buxoriy oʻzining shoh kitobi — „Abdullanoma“ („Sharafnomai shohiy“) asari bilan tanilgan. Asar shayboniylardan Abdullaxon II ga bagʻishlangan boʻlib, 1584—88 yillarda Buxoroda fors tilida yozilgan. Muallifning rejasiga koʻra, asar muqaddima, 2 qism (maqola) va xotimadan iborat boʻlishi moʻljallangan. Biroq asarni yozish jarayonida reja oʻzgargan. 1-va 2-maqolalar qoʻshib yozilgan, xotima esa muallifning vafoti tufayli yozilmay qolgan. Mutribiyning guvohlik berishicha, „Abdullanoma“ asarining oxirgi qismini Abdullaxon II ning topshirigʻi bilan qozi Poyanda Zominiy (1602-yilda) yozgan.
„Abdullanoma“ asari sharqshunos olim Sodiq Mirzayev tomonidan oʻzbek tiliga toʻliq tarjima qilingan. Bu asar B.Ahmedov soʻz boshisi va izohlari bilan birgalikda 2-marta nashr etilgan. Asarning rus tilidagi tarjimasi M. Salohiddinova tomonidan amalga oshirilib, uning faqat I—II qismlari faksimilesi bilan chiqarilgan. Asarning qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanadi (inv. № 2207, 3781). Sankt-Peterburgda asarning uchta qoʻlyozmasi mavjud.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abdullanoma, 1-j., T., 1966; 2-j., T, 1969; Abdullanoma (tuliq nashri), 1-kitob, T., 1999; 2-kitob, T., 2000; Sharafnoma-yi shaxi, chast 1, M., 1983; chast 2, M., 1989.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ahmedov B., Munirov Q., Hofiz Tanish Buxoriy, T, 1963; Hasanov H., Sayeh olimlar, T., 1981;Ahmedov B., Oʻzbekistonning atoqli tarixshunos olimlari, T, 2003.
- Qahramon Rajabov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |