Hino da Independência (portugalcha tarjimasi mustaqillik madhiyasi) — mamlakatning Portugaliyadan mustaqilligini eʼlon qilingan kunga bagʻishlangan Braziliya rasmiy vatanparvarlik qoʻshigʻi. Madhiya 1822-yilda mamlakat mustaqilligi uchun kurashda yetakchi boʻlgan imperator Pedro I tomonidan yaratilgan, qoʻshiq matni esa shoir Evaristo da Veiga tomonidan yozilgan.
Braziliyada har yili 7-sentyabr sanasida ijro etiladi.
Hino da Independência madhiyasi Pedro I taxtdan voz kechgunga qadar rasman ishlatilgan. Keyinchalik asosiy hisoblangan rasmiy tadbirlarda boshqa madhiya ishlatilgan. Tadqiqotchilar tomonidan madhiya yaratilishi haqida bir nechta taxminlar aytib oʻtilgan. Jumladan, 1909-yilda Eugênio Egas tomonidan chiqarilgan maqolaga koʻra, madhiya musiqasi imperator tomonidan 1822-yil 7-sentyabrda Braziliya mustaqilligi kuni tushdan keyin (u Santosdan San-Pauluga qaytib kelganida) yozilgan. San-Paulu sobori cherkov ustasi Andre da Silva Gomes tomonidan shoshilinch ravishda xor tayyorlangan. Oʻsha kuni kechqurun Opera teatrida (Hukumat saroyi, sobiq Jezuit kolleji hovlisida) xonandalar va kichik orkestr tomonidan ijro etiladi. Ammo Eugênio Egasning taxmini 1822-yilgi Braziliya gazetalarida hech qachon tilga olinmagan va oʻsha davrning hujjatlari bilan tasdiqlanmagan, faqat XX asrning boshida tarqalgan mish-mishlar asos sifatida keltirilgan[2].
Odatda, bugungi kunda Mustaqillik madhiyasi kuylanganda 3, 4, 5, 6, 8 va 10- misralar (kursivda) tushirib qoldirilib ijro etiladi. Uzoq vaqtdan beri Pedro I kompozitsiyasi braziliyaliklar xotirasida saqlanib qoldi va mamlakatning rasmiy vatanparvarlik qoʻshiqlaridan biri sifatida kuylanib kelinmoqda.