Kontent qismiga oʻtish

Himolay tillari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Himolay tillari — Nepal va Hindistonning unga qoʻshni hududlarida tarqalgan, yagona guruh boʻlib tashkil topmagan bir qancha tillarning umumlashma nomi. Himolay tillarida 3,4 mln.dan ortiqroq kishi soʻzlashadi. Nepalning janubi-gʻarbidagi deyarli oʻlik tilga aylangan kusunda tilining biror til oilasiga qarindoshligi aniqlanmagan, qolgan. Himolay tillari esa xitoy tibet tillari oilasining tibet birma tarmogʻiga mansub (qarang Xitoy tibet tillari. Tibet birma tillari).

Himolay tillari gʻarbiy himolay va sharqiy himolay guruhlariga ajraladi. Hindistonda, Nepal chegarasidan gʻarbroqda, 60 mingdan ortiqroq kishi gʻarbiy himolay guruhiga kiruvchi kanauri, kanashi, lahoʻli, manchati, bunan, rangkas tillarida soʻzlashadi.

Qadadimiy tibet diniy kitobi yozilgan (oʻlik) jangung tilining ham shu guruhga kirishi taxmin qilinadi. Nepalning gʻarbiy qismida magar V* (300 mingdan ortiq kishi soʻzlashadi), chepang (15 ming kishi) va kham (45 ming kishi) tillari alohida guruhchani, Nepalning markaziy qismidagi gurung (500 mingga yaqin kishi) va tamang (570 mingga yaqin kishi) tillari tibet guruhidagi ayrim guruhchani tashkil etadi. Katmandudan janroqda Nepalda oʻz yozuvi va adabiyotiga ega boʻlgan Himolay tillaridan nevar tili (1 mln.ga yaqin kishi) tarqalgan.

Nepal sharqidagi koʻplab tillarda 800 mingga yaqin kishi soʻzlashadi va bu tillar sharqiy himolay guruhini tashkil etadi. Bu guruh, oʻz navbatida, bir-biridan jiddiy farq qiluvchi 2 guruhchaga ajraladi: ularning birida limbu (260 ming kishi), yakho, khambu tillari, ikkinchisida esa sunvar (25—27 ming kishi), baxing, rai tillari kengroq qoʻllanadi. Hindistonning Sekkim shtatida rong (lepcha) tili (35—40 ming kishi) asosiy til hisoblanib, u 17 asr oxirida yaratilgan oʻziga xos yozuvga ega. Yanada janroqda chimal tili tarqalgan.

Aksariyat Himolay tillarining asosiy tipologik belgilaridan biri kuchsiz olmoshlik belgisiga ega boʻlgan suffikslarning, baʼzan prefikslarning feʼlga qoʻshilib kelib, harakat subʼyektining shaxsi va sonini ifodalashidir. Affikslar nafaqat subʼyektni, balki obʼyektni ham koʻrsatishi mumkin. Bu tillarda, shuningdek, ot turkumidagi soʻzlar jonli va jonsizlikni bildiruvchi shakllar bilan farqlanadi. Himolay tillarining munda tillariga aloqadorligi bor, degan taxminlar uchraydi.