Kontent qismiga oʻtish

Harsama ibn Ayon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Harsama ibn Ayon
هرثمة بن أعين
Abbosiylarning Misrdagi noibi
Mansab davri
794 – 795
Monarx Horun ar-Rashid
Oʻtmishdoshi Isʼhoq ibn Sulaymon
Vorisi Abulmalik ibn Solih
Abbosiylarning Ifriqiyadagi noibi
Mansab davri
795 – 797
Monarx Horun ar-Rashid
Oʻtmishdoshi Al-Fadl ibn Ravh ibn Hotim al-Muhallabiy
Vorisi Muhammad ibn Muqatil al-Akkiy
Abbosiylarning Mosuldagi noibi
Mansab davri
798 – 802
Monarx Horun ar-Rashid
Oʻtmishdoshi Yahyo ibn Said al-Haroshiy
Vorisi Nadal ibn Rifas
Abbosiylarning Falastindagi noibi
Monarx Horun ar-Rashid
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Balx, Abbosiylar xalifaligi
Vafoti 816-yil iyun
Abbosiylar xalifaligi
Otasi Ayon
Mansubligi Abbosiylar xalifaligi
Xizmat yillari 790-yillar — 816
816 (xizmatning tugashi)
Harbiy daraja Abbosiylar armiyasi generali

Harsama ibn Ayon (arabcha: هرثمة بن أعين; 816-yil iyunda vafot etgan) Xurosonda tugʻilgan general va ilk Abbosiylar davri noibi. Al-Hodiy, Horun ar-Rashid va al-Maʼmun kabi xalifalar qoʻl ostida xizmat qilgan. Abbosiylar fuqarolar urushida al-Ma’munning gʻalabasiga muhim hissa qoʻshgan. Biroq saroyda hukmronlik qilgan Sahliylar oilasining kuch-qudratiga qarshi norozilik bildirgach, al-Ma’munning buyrugʻi bilan qatl etilgan.

Balxda tugʻilgan Harsama Banu Dabba qabilasiga mansub boʻlgan[1]. Dastlab ikkinchi Abbosiy xalifa al-Mansur (h. 754–775) davrida, Abbosiy shahzoda va taxt vorisi Isa ibn Musaning tarafdorlaridan biri sifatida maydonga chiqqan. Isa taxtga boʻlgan da’vosidan al-Mansurning oʻgʻli al-Mahdiy (h. 775–785) foydasiga voz kechishga majbur boʻldi. Al-Mahdiy Xarsamani Bagʻdodga zanjirband holda keltirib, oʻz hukmronligi davomida qamoqda saqlab turdi[2][3].

Al-Mahdiyning oʻgʻli va vorisi al-Hodiy (h. 785–786) davrida Harsama ozod qilinib, xalifaning eng yaqin maslahatchilaridan biriga aylangach, katta obroʻ-e’tiborga erishdi.  Bir vaqtlar xalifaga oʻz ukasi va taxt vorisi, boʻlajak xalifa Horun ar-Rashidni (h. 786–809) qatl ettirishni tavsiya qilgan deyishadi. Bu bilan al-Hodiy oʻz oʻgʻillarining taxtga vorislik yoʻlini ochmoqchi boʻlgan, ammo bu reja xalifaning onasi al-Xayzuran aralashuvi bilan barbod boʻlgan. Shunga qaramay, al-Hodiy vafot etgach, Horunni qamoqdan Harsamaning oʻzi ozod qilgan[2].

Horun davrida ham imtiyozli mavqe va yuqori lavozimlarni saqlab qolgan holda Falastin, Misr, Mosul va keyinchalik Ifriqiya noibi vazifasini bajargan. Soʻngra Horunning ishonchli vaziri Ja’far ibn Yahyo al-Barmakiy nazorati ostida xalifalik qoʻriqchilar qoʻshiniga (haras) qoʻmondonlik qilishni oʻz zimmasiga olgan. Ushbu lavozimda 803-yilda Barmakiylarning qulashida muhim rol oʻynadi. Shundan soʻng, xalifalikdagi eng yuqori harbiy rahbarlardan biriga aylandi[2][3]. Shuningdek, Kichik Osiyodagi vizantiyaliklarga qarshi ikkita yozgi yurishga ham boshchilik qildi[3]. 805—806-yillarda Xurosonda Rofe ibn Lays boshchiligida keng koʻlamli qoʻzgʻolon boshlanib, mahalliy noib Ali ibn Isa ibn Mahan uni bostirishga qodir emasligi isbotlangach, 808-yilda ar-Rashid uning oʻrniga Harsamani yuborgan[2][4].

Ar-Rashid 809-yil mart oyida Tusda vafot etganda, Harsama Samarqandda edi va shundan soʻng sharqda qoldi[2]. Natijada, fuqarolar urushida al-Aminga (h. 809–813) qarshi al-Ma’mun (h. 813–833) tomoniga oʻtdi. 812—813-yillardagi bir yillik hal qiluvchi Bagʻdod qamali paytida Tohir ibn Husayn bilan birga al-Ma’mun qoʻshinining ikki asosiy qoʻmondonidan biri boʻldi. Qamal paytida Harsama sharqiy tomondan hujumni boshqargan. Tohir esa gʻarbdan hujum qilgan. Qamalning soʻnggi bosqichida Harsama al-Aminning taslim boʻlishini va hayotini saqlab qolishni ta’minlashga muvaffaqiyatsiz urinib, xalifani Dajla daryosi orqali olib oʻtish uchun qayiq yubordi. Biroq, qayiq agʻdarilib ketdi va al-Aminni esa Tohirning odamlari asirga olib, qatl etishdi[2][5].

Harsama shundan soʻng Iroqda qolib, 815-yilda Abul Saroyaning Aliylar tarafdorlari qoʻzgʻolonini bostirishda yetakchi rol oʻynadi[2][3][6]. Tez orada Arabiston va Suriya noibi etib tayinlandi. Biroq, Harsama oʻz lavozimini egallash oʻrniga, sharqqa yoʻl oldi. Uning maqsadi Marvda qolgan al-Ma’munga Iroqdagi haqiqiy vaziyat haqida ma’lumot berish edi. Ayniqsa, al-Ma’munning vaziri al-Fadl ibn Sahl atrofidagi bir guruh xurosonliklarning hukumatni boshqarishi tufayli yuzaga kelgan norozilik haqida xabar yetkazmoqchi boʻldi. Biroq, al-Fadl va uning tarafdorlari al-Ma’munni Harsamaga qarshi qayrashga muvaffaq boʻlishdi. Natijada, Harsama 816-yil iyun oyida qamoqqa olinib, qatl etildi[2][3][7]. Harsamaning oʻgʻli, Arminiya noibi Hatim, otasining qatl etilgani haqidagi xabarni eshitib, isyon koʻtardi. Biroq, bu qoʻzgʻolon uning oʻlimi tufayli tez orada bostirildi[2][3]. Yana bir oʻgʻli A’yan, taxminan 820-yillarda Seyiston viloyati noibi boʻlgan. Shuningdek avlodlari Hatim orqali to 9-asr oxirlarigacha yuqori lavozimlarda faoliyat koʻrsatishda davom etgani maʼlum[8].

  1. Rekaya (1991), p. 333
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 2,8 Pellat (1971), p. 231
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Crone (1980), p. 177
  4. Kennedy (2004), p. 145
  5. Kennedy (2004), pp. 149–150
  6. Kennedy (2004), p. 152
  7. Kennedy (2004), p. 151
  8. Crone (1980), p. 178
Oʻtmishdoshi:
Isʼhoq ibn Sulaymon al-Hoshimiy
Misr noibi
794—795
Vorisi:
Abdulmalik ibn Solih