Goʻng
Goʻng — mahalliy organik oʻgʻit; otxona, molxona va qoʻy qoʻralaridan chiqadi. Tarkibida oʻsimliklar uchun zarur boʻlgan azot va kul elementlari bor. Organik modda (Goʻng quruq moddasining asosiy qismi) tuproq tarkibini, uning suv va havo rejimini, fizik, kimyoviy xususiyatlarini yaxshilaydi. Goʻngdagi Sa va Mg tuproq kislotaliligini kamaytiradi. Foydali mikroorganizmlar uning biologik faoliyatini oshiradi. Goʻng oʻsimliklarda organik modda sintezini kuchaytiradigan SO2 manbalaridan biri. Goʻng tuprok, unumdorligiga bir necha yil ijobiy taʼsir koʻrsatadi (qarang Mahalliy oʻgʻshplar). Goʻngni gektariga 30 t hisobida mineral oʻgʻitsiz har yili solinganda tuproqdagi organik modda balansini taʼminlaydi. Goʻngning tarkibi va oʻgʻitlik xususiyatlari hayvon turiga va yem-xashak sifatiga, ayniqsa Goʻngni yigʻish usullari va saqlashga bogʻliq. Hayvon isteʼmol qilgan yem-xashakdan 40% ga yaqin organik modda, 50—70% azot, 80% fosfor va 9,5% kaliy Goʻngga oʻtadi. Toʻshamasiz Goʻng quruq, yarimsuyuq va suyuq holda boʻladi. Quruq Goʻng hayvonlar atrofi oʻralgan maydonlarda boqilganda yigʻiladi, uning namligi 10— 12%ni tashkil etadi, yarim suyuq Goʻng sut-tovar fermalarida mollar ogʻilxonalarda boqilganda yigʻiladi, namligi 80—90%; suyuq Goʻng goʻngni tozalash uchun gidroyuvgich qoʻllaniladigan goʻsht yetishtiruvchi sanoat majmualarida yigʻiladi. Suyuq Goʻngning namligi 95—98%. Quruq Goʻng yangi, chala chirigan, chirigan boʻlishi mumkin. Chirigan Goʻng bir xil qoramtir tusda, xaschoʻplari 50% chirigan boʻladi. Uni kuzda yoki vegetatsiya davrida ham ishlatish mumkin.
Goʻngni yerga goʻng soluvchi mashinalar yordamida shudgorlash oldidan solish asosiy usul qisoblanadi. Goʻng oʻsimliklarning rivojlanishi hamda hosildorligiga sezilarli taʼsir koʻrsatadi (mas, 1 t goʻng gektaridan 61 kg qoʻshimcha paxta hosili olish imkonini beradi). Shuningdek, goʻngdan sizib chiqadigan goʻng shaltogʻi tez taʼsir koʻrsatuvchi mahalliy oʻgʻit hisoblanadi. Uning tarkibida oʻrtacha 0,3—0,5% azot, 0,3% fosfor va 0,4—0,6% kaliy bor. Kompost tayyorlashda va bevosita oʻgʻit sifatida ishlatiladi. Yerga solishdan bir hafta oldin 1 hissa shaltoqqa 3— 4 hissa suv qoʻshib qoʻyiladi, soʻngra suyuq oʻgʻitlagich mashinasida gʻoʻza yoki boshqa ekin qator oralariga, gektariga 8—10 t hisobidan 10—15 sm chuqurlikka solinadi, shuningdek, suvga qoʻshib egatlarga oqiziladi. Goʻng shaltogʻini yigʻishda molxona va otxona yoʻlagining ikki chetiga ariqcha qilinib, ariqcha etagiga 2—3 m chuqurlikda oʻra qaziladi. Oʻra tubi, devorlari sementdan ishlanib, suyuqlik sizilmaydigan qilinadi. Goʻngxonalarda ham bunday oʻralar boʻladi, goʻngdan chiqadigan shaltoq shu oʻraga toʻplanadi. Bir yilda har bosh qoramoldan 1,5—2,2 m3 Goʻng shaltogʻi yigʻiladi.
Xurshida Risqiyeva, Turop Hojiyev.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |