Geologik xaritalar
Geologik xaritalar — Yer poʻsti yuqori qismining muayyan uchastkasi geologik tuzilishini tasvirlovchi haritalar. Geologik syomka va geologik tadqiqotlardan yigʻilgan maʼlumotlar asosida tuziladi. Geologik xaritalar qidiruv, razvedka ishlarida asosiy hujjat hisoblanadi. Geologik xaritalardan Yer poʻstining tuzilishi va togʻ jinslari bilan bogʻliq ruda konlari toʻgʻrisida tegishli maʼlumot olinadi. Geologik xaritalar asli geologik, litologikfatsial, paleogeografik, muhandislik-geologik, gidrokimyoviy, foydali qazilmalar, bashoratli, tektonik, metallogenik, magmatik formatsiyalar va b. haritalarga boʻlinadi. Asli Geologik xaritalarlarda togʻ jinslarining yoshi, tarkibi, yotish sharoiti turli belgi va ranglarda ifodalanadi. Tektonik harita — maʼlum joy va vohaning tektonik tuzilishini; metallogenik harita — metallar va qazilma boyliklarning hosil bulishini hamda ularning tarqalishini; magmatik formatsiyalar haritasida — magmatik togʻ jinslarining formatsiyalari ifodalanadi. Bundan tashqari, maxsus haritalar (yer osti suvlari, geofizik haritalar va b.) ham tuziladi.
Gidrokimyoviy xarita — suvlarning kimyoviy tarkibini, ulardagi tuzlarning miqdorini, grunt, artezian, mineral suvlarning xususiyatlari va joylanishini aks ettiradi. Gidrogeologik haritalarda yer osti suvlarining sifati (taʼmi, hidi, chuchukligi, shoʻrligi va b.), yer yuzasidan pastda joylashgan birinchi suvli qatlam (havza)ning suv berish xususiyati, yer osti suvlarining turi (grunt, artezian, qatlamlararo, yer usti va karst suvlari) aks ettiriladi. G. x. turt xil masshtabda tuziladi (qarang Geologik syomka). Yirik masshtabli va mufassal haritalarda stratigrafik kolonka va geologik kesmalar ham beriladi.
Oʻzbekiston geologik xaritasi, Oʻzbekistan magmatik formatsiyalari xaritasi, Fargʻona va Ustyurtning tektonik tuzilishi va neftgazga istiqbolli xaritasi, Oʻzbekistonning paleozoy fundamentining tarkibi va tektonik tuzilishi xaritasi va b. tuzilgan.
Geologik xaritalash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Geologik xaritalash — geologik xaritalarni tuzishga oid boʻlgan geologik vazifalar hamda tashkiliy chora-tadbirlar majmuasini koʻrib chiqadigan uslubiy fan xisoblanadi[1]. Geologik xaritalashning asosiy maqsadlaridan biri bu tadqiqot ishlari oʻtkazilayotgan hududning geologik tuzilishini, foydali qazilmalarini batafsil oʽrganish va tanlangan miqyosdagi geologik xaritasini tuzish usullarini oʻrgatishdan iborat.
- Geologik xaritalashning vazifalariga quyidagilar kiradi
- Geologik xaritalashning nazariy asoslarini oʽrganish;
- Geologik xaritalar tuzishning asosiy usullarini oʽrganish;
- Geologik xaritalarni, stratigrafik ustunni, geologik kesmani rasmiylashtirish talablari va tuzilishi bilan tanishish;
- Qatlamli choʽkindi, vulkanik yotqiziqlarni, intruziv tanalarni, kontakt zonalarni, metamorfik seriyalar va metasomatik hosilalarni xaritalash xususiyatlarini batafsil oʽrganish;
- Uzilmali strukturalarni xaritalash;
- Turli xil tipdagi foydali qazilma konlarini xaritalash;
- Geologik xaritalashda GIS texnologiyalardan foydalanish.
Geologik xaritalashning rivojlanish tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Geologik xaritalash ishlarining rivojlanishi foydali qazilma konlarini qidirish va razvedka qilishning ilmiy asosda tashkil etish zarurati bilan belgilanadi. geologiyaning bu tarmogʻi mustaqil yoʻnalish sifatida XVII-XVIII asrlarda shakllana boshlangan. Bu borada Ch.K.Lits, M.P.Billings, L.U.de Sitter, E.Kloss, M.V.Lomonosov va boshqa olimlarning ishlarini eʼtirof etish mumkin[2]. XIX asr boshlarida Vilyam Smit, J.Kyuve, A.Bronyar va boshqalaring stratigrafik tadqiqotlari tufayli tog‘ jinslarini yoshi boʻyicha ajratgan holda xaritalash imkoniyati tugʻildi. Bu, tom maʼnoda, geologik xaritalashda tub burilish yasadi. 1875-yilda Xalqaro geologiya kongressi (XGK) II sessiyasida umumiy stratigrafik nomenklaturaning qabul qilishini geologik xaritalash ishlarini tartibga solishda ahamiyati katta boʻldi. XIX asrda Rossiyada geologik xarita tuzish boʻyicha qilingan eng muhim ishlar D.l.Sokolov, G.K.Gelmerson, R.I.Murchison, L.I.Lagutin, A.P.Karpinskiy nomlari bilan bogʻlik. Bu ishlarga D.V.Nalivkin, A.L.Yanshin va boshqa geologlar rahbarlik qilishgan. Shu vaqtda geologik xaritalash ishlari Moskva, Sankt- Peterburg va jumhuriyat markazlari va boshqa koʻplab shaharlardagi geologik tashkilotlar tomonidan olib borilgan. XX asrning 20-yillaridan boshlab oliy oʻquv yurtlarida strukturaviy geologiya va geologik xaritalash boʻyicha V.A.Obruchev, I.M.Gubkin, V.N.Veber uslubiy kurslar oʻqitila boshlangan. 1923-yili V.N.Veber tomonidan geologik xaritalash boʻyicha ilk qoʻllanma boʻlmish „Dala geologiyasi“ nashr qilinadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |