Gʻazalkent toshga ishlov berish kombinati aksiya-dorlik jamiyati
"GʻAZALKENT TOSHGA ISHLOV BERISH KOMBINATI" AKSIYA-DORLIK JAMIYATI - tabiiy toshlardan qurilishda ishlatiladigan qoplama pardozlash plitalari ishlab chiqaradigan yirik korxona. "Oʻzqurilishmateriallari" aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiradi. Toshkent viloyati Boʻston-liq tumanidagi Gʻazalkent shahrida joylashgan. 1946-yilda birinchi sex qurilib, mahsulot bera boshlagan. 1970-yil 5-iyulda zamonaviy kombinat kompleksi ishga tushirilgan. 1994-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. Oqsoqota marmarini qazib oladi va Sevasoy, Koʻksaroy, Langar, Miskinsoy graniti, Belovti gabbrosidan va Oqsoqota marmaridan turli xil oʻlchamdagi plitalar ishlab chiqaradi. Korxonaning yillik granit plitalari ishlab chiqarish quvvati 60 ming m2. 1999-yildan Italiyaning "Breton" firmasi dastgohlari bilan jihozlangan. Korxonada ishlab chiqarilgan granit plitalari Toshkent shahrida Alisher Navoiy nomidagi katta opera va balet teatri, Fargʻona shahrida Fargʻoniy maqbarasi, Samarqand shahrida Amir Temur majmuasi, Termiz shahrida at-Termiziy majmuasi, Toshkent shahrida Oliy Majlis binosi, metropoliten qurilishlarida ishlatilgan. Korxonada ishlab chiqarilgan granit mahsulotlari Rossiya, Qozogʻiston, Ukrainaga eksport qilinadi. Moskva shahrida korxonaning savdo uyi ochilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |