Kontent qismiga oʻtish

Fuqaroviy daʼvo

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fuqaroviy daʼvo — oʻzining buzilgan huquq yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilishning protsessual vositasi. Ushbu turkumdagi daʼvolar fuqarolik, oila, mehnat, uyjoy va boshqa huquq sohalariga oid normalarning buzilishi oqibatida vujudga keladi. Shuningdek, shaxslarning jinoyat qilishi oqibatida fuqarolarga yetkazilgan zarar ham Fuqaroviy daʼvo tartibida qoʻzgʻatilib, undirib berishga yoʻl qoʻyiladi. Fuqaroviy daʼvo deganda, asosan, nizoli ish tushuniladi. Bunday ishlarda albatta nizolashuvchi subʼyektlar — daʼvogar va javobgar qatnashadi. Ular oʻrtasida daʼvo talabining boʻlishi va uning sudga taalluqlii ekanligi Fuqaroviy daʼvoning zaruriy shartlaridan biri hisoblanadi. Har qanday Fuqaroviy daʼvoning moddiy huquqiy va protsessual huquqiy tomoni boʻladi. Daʼvoning moddiy huquqiy tomoni deganda daʼvogarning talabi, masalan, ashyoni topshirish, pul undirish, zararni qoplash va boshqa tushuniladi. Daʼvoning protsessual huquqiy tomoni esa nizoni sudga taalluqligi va sud tomonidan koʻrib hal qilinishini bildiradi. Fuqaroviy daʼvoning berilishi sudda ish qoʻzgʻatish uchun asos boʻladi. Shuningdek, qonunchilikda daʼvoli ishlardan tashqari nizosiz, daʼvosiz ishlar ham sudda koʻrilishi belgilangan.