Funksiya
Funksiya (lotincha: functio — „bajarish“, „amalga oshirish“) (tilshunoslikda) — muayyan til, til birligi, lisoniy shaklning u yoki bu vazifani bajarish qobiliyati; tilning kishilik jamiyatidagi roli, vazifasi; til tizimining barcha sathlarida uning birliklari oʻrtasidagi bogʻliqlik yoki munosabatlar. Til birligi funksiyasini belgilash uning muayyan til (til tizimi)dagi rolini aniqlashni koʻzda tutadi, mas, gapda kommunikativ (biror narsa, voqea haqida xabar berish) va nominativ (ushbu voqeani atash) funksiyalar ajratilishi mumkin. Har bir til birligi maʼlum maqsad uchun xizmat qiladi, yaʼni muayayn funksiyani (vazifani) bajaradi, shuning uchungina boshqa til birligidan farq qilgan holda mavjud boʻladi. Til birliklarining koʻplab funksiyalari — oʻxshatish, ajratish, farqlash funksiyalari ajratiladi; ana shu funksiyalarga muvofiq ravishda til birliklarining oʻzlari ham farqlanadi, ajratiladi. Masalan, fonema turli soʻz va morfemalarni farklash yoki ular orasiga chegara qoʻyish uchun xizmat qiladi.
Funksiyalar nafaqat til birliklarini, balki tilning oʻzini tizim sifatida tavsiflashda ham oʻrganiladi. Tilning asosiy funksiyalari: kommunikativ (muomala, aloqa qilish funksiyasi), bilish, aks ettirish, shakllantirish, aloqa oʻrnatish, nominativ (borlikdagi narsa va hodisalarni nomlash, atash), ekspressiv (ifoda, bayon funksiyasi), apellyativ (murojaat, undash, daʼvat funksiyasi) va boshqa Til funksiyalari qatorida uning sathiy funksiyalari — fonologik, morfologik va boshqa funksiyalari ham koʻrsatiladi. Funksional nuqtai nazardan til tizimi koʻp oʻlchovli tuzilma boʻlib, uning namoyon boʻlish shakllari (ogʻzaki va yozma til), ijtimoiy maqsadvazifasi (adabiy til, ijtimoiy guruxlar tillari, argo va boshqalar), estetik yunalganligi (poetik til) va boshqa jihatlari farklanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |