Kontent qismiga oʻtish

Farmakoterapiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Farmakoterapiya (yun. Pharmakon – dori va terapiya), dori terapiyasi – dori-darmon bilan davolash. Etiotrop farmakoterapiyada dori-darmonlar kasallik qoʻzgʻatuvchilarga taʼsir etadi (masalan, infeksion kasalliklarni antibiotiklar bilan, zaharlanishni esa antidotlar bilan davolashda). Oʻrin bosuvchi farmakoterapiyada organizmga yuborilgan dorilar fiziologik faol moddalar oʻrnini bosadi (masalan, ichki sekretsiya bezlari yetishmovchiligida gormonal preparatlar qoʻllanadi). Patogenetik farmakoterapiyada dori-darmon kasallikning patogeneziga taʼsir etadi (masalan, adrenalin bronxial astmaga, nitroglitserin stenokardiyaga, glyukozidlar yurak yetishmovchiligida qoʻllanadi). Agar preparatlar kasallikning faqat ayrim belgilari (simptomi)ga taʼsir etsa (masalan, ogʻriq yoki yoʻtal qoldiruvchi dorilar), bunday farmakoterapiya simptomatik terapiya deyiladi. Farmakoterapiyada turli xil dori-darmonlardan foydalaniladi.

Infeksion kasalliklar va oʻsmalar kimyo terapiyasi – farmakoterapiyaning asosiy yoʻnalishidir. Kimyoterapevtik moddalar kasallik qoʻzgʻatuvchilar turi – mikroblar, viruslarga karab spetsifik taʼsir etadi. Bunday taʼsir etish infeksion agent yoki oʻsma hujayrasining fiziologik, biokimyoviy va boshqa xossalari bilan bogʻliq. Preparatlar taʼsiri ularning organizmga qanday usulda yuborilishiga, toʻqimalarda soʻrilishiga va boshqalarga bogʻliq. Ayrim hollarda organizmda dori-darmonlarga chidamli mikroorganizmlar yoki oʻsma hujayralari paydo boʻlishi va koʻpayishi mumkin. Shuning uchun koʻpincha organizmga antimikrob va oʻsmalarga taʼsir etadigan bir qancha dorilarni qoʻshib yuboriladi.