Familiya
Familiya (lotincha: familia – oila) – bola tugʻilganda, farzandlikka olinganda, oldingi familiya oʻzgartirilganda, nikohdan oʻtganda qabul qilinadigan va nasldan naslga oʻtadigan oilaviy nom. Odatda, shaxs otlariga qoʻshilib kelib, shu shaxsning naslini bildiradi.
Soʻzning kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]"Familiya" soʻzi – lotinchadan kelib chiqqan. Qadimgi Rimda qon-qarindoshlar bilan birga qullarni ham oʻz ichiga olgan oilaning xoʻjalik-huquqiy munosabatlarini oʻzida mujassamlashtirgan nomi.
Oʻzbek familiyalari tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilk familiyalar shaxs tugʻilgan yoki uning „nasliy merosi“ joylashgan joy nomiga nisbatan berish orqali yasalgan. Gʻarbiy Yevropada familiya qoʻllash XV asrdan odat tusiga kirdi va asosan, yuqori tabaqa orasida tarqaldi. Oʻzbeklarda oʻtmishda hozirgi maʼnodagi familiya boʻlgan emas. Lekin familiya va otaning nomini bildirish uchun qoʻllangan vositalar qadimdan mavjud edi. VI-VII asrlardan ota ismidan keyin „oʻgʻli“, „qizi“ soʻzlarini keltirish orqali (masalan, Bayna Sangnun oʻgʻli), keyinroq ayni vaqtda arablar taʼsirida „ibn“ (oʻgʻli) (masalan, Ahmad ibn Muhammad), „bint“ (qizi) kabi arabcha soʻzlar yordamida nomlashlar boʻlgan. XX asrning 1920—1930-yillarida oʻzbeklarning familiyalari, asosan, Ahmad Fozil oʻgʻli, Xakima Fozil qizi tarzida yuritilgan. Shuningdek, bu davrda ziyolilar orasida qisman „zoda“ (Hamza Hakimzoda, Turgʻun Sharifzoda), „iy“, „viy“, „iya“, „viya“ (Abdulla Qodiriy, Abdulla Alaviy, Mirzakalon Ismoiliy, Muzayyana Alaviya) qoʻshimchalari orqali ism-familiya, taxalluslar yasash ham odat boʻlgan; baʼzida qoʻshimchalarsiz ham quyidagi shaklda atalgan: Parda Tursun, Sulton Joʻra, Ilyos Muslim. 1930-yillarning oʻrtasi va 1940-yillardan ov, (ova), yev (yeva) qoʻshimchalari yordamida hosil qilingan familiyalar oʻzbeklarda muayyan tartibga aylanib, keyinroq qatʼiy qoida qilib olindi.
Mustaqillik davrigacha familiya yasashning shundan boshqa barcha milliy-mahalliy shakllarini rasmiy ravishda yozish man qilingan edi. Bu qoidaga fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish idoralari, pasport boʻlimlarida qatʼiy amal qilib kelindi. Mustaqillik kishilarga familiya va ota ismini, ularning shaklini erkin tanlash huquqini ham berdi. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga koʻra, har bir fuqaro oʻz familiyasiga ega boʻlishi zarur. Bunday zaruriyat fuqaroni jamiyatning boshqa aʼzolaridan ajratib turishda, unga tegishli huquq va majburiyatlarni belgilashda va uni huquq subʼyekti sifatida tan olishda muhim ahamiyatga ega. Fuqaroning familiyasi u tugʻilgan paytda tugʻilganlik holatini qayd etish guvohnomasida rasmiylashtiriladi va ota yoki ona tomonidan yoki ularning kelishuviga koʻra tanlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 69-moddasiga muvofiq, bola ism, ota ism va familiya olish huquqiga ega. Fuqaroning familiyasi uning hayoti davomida oʻzgartirilishi ham mumkin. Bola 10 yoshga toʻlguncha uning familiyasi ota-ona tomonidan bolaning roziligi bilan oʻzgartirilsa, 16 yoshga toʻlgan fuqaro ota-onasining roziligi bilan oʻz familiyasini oʻzgartiradi. 18 yoshga toʻlgan fuqaro esa, toʻla muomala layoqatiga ega boʻlgach, hech kimning roziligisiz familiyasini oʻzgartirishga haqli. Nikohdan oʻtish paytida er yoki xotin uz familiyasini oʻzgartirishi mumkin. Familiya oʻzgartirilayotganda qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan talablarga amal qilish zarur. Fuqaroning familiyasi uning shaxsiy nomulkiy huquqi boʻlib fuqarolik va oila qonunchiligi tomonidan muhofaza etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-aprel 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan „Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish“ qoidalarida familiyani belgilash va oʻzgartirish tartibi belgilangan.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Begmatov E. A., Oʻzbek ismlari, T., 1998.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |