Falsafiy teologiya
Falsafiy teologiya – „tabiiy teologiya“, „diniy falsafa“, „diniy metafizika“, „ratsional teologiya“ kabi nomlar bilan ham ataladi. Falsafiy teologiyaning asosiy vazifasi borliqning diniy-falsafiy asoslari va undan kelib chiqadigan ixtiyor erkinligi, tasodifiylik va zaruriylik, Xudoning sifatlari bahsi kabi masalalar hisoblanadi. Umuman olganda, falsafiy teologiya Xudoning barcha sifatlari bilan birga mavjudligini falsafiy jihatdan asoslashga urinadi. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun birinchidan, xudoning mavjudligini isbotlab berish, ikkinchidan, imkon qadar Xudoning tabiatini aniqlash va uchinchidan, Xudo – olam va Xudo – inson munosabatlarini ochib berish masalalarini hal qilish lozim boʻladi. Insoniyat yaralibdi-ki, doimo borliqning ilohiy yaratuvchisi – Xudo haqida koʻproq bilishga, unga yaqinlashishga urinadi. Mavjud barcha dinlarda, oz yoki koʻp miqdorda, Xudo haqidagi taʼlimotning mavjudligi, mazkur mavzudagi bahslar antik davrdan to bugungi kunga qadar faylasuflarning asosiy mavzularidan biri ekani yuqoridagi fikrlarimizga isbot boʻlib xizmat qiladi. Mazkur masalalarni hal qilishga urinishlar natijasida falsafiy teologiya tez suratlarda rivojlandi, uning bahs mavzulari koʻpaydi. Oqibatda, bu bir necha falsafiy teologik maktablarning shakllanishiga olib keldi. Mazkur oqimlardan eng yiriklari sifatida teizm, deizm, panteizm, panenteizm kabi oqimlarni sanash mumkin. Falsafiy-teologik qarashlar rivojida P.Xeynrix, J.Makkuori, R.Sheffler, A.Uaytxed kabi olimlarning konsepsiyalari muhim oʻrin tutadi. Jumladan, Xeynrix Petri fikriga koʻra „Xudoning mavjudligini ongli ravishda va falsafiy mushohadaga tayangan xolda isbotlashga urinish, ateizm va radikal agnostisizmga qarshi kurash inʼiqosi edi“. Xeynrix, falsafiy teologiya vositasida teologlar oʻz muqaddas manbalarining ilohiyligini isbotlashga harakat qilganini taʼkidlaydi. Aks holda, falsafiy qarashlarning natijasi oʻlaroq kelib chiqqan ateizm va agnostisizm dinlar va ularning manbalarining avtoritetiga putur yetkazishi mumkin edi. Oʻtgan asrning taniqli faylasuf va matematiklaridan boʻlgan Alfred Nort Uaytxed (1861—1947) oʻz konsepsiyasini olgʻa surar ekan, asosiy urgʻuni metafizikaga beradi. Oʻz falsafiy taʼlimotini „spekulyativ falsafa“ yoxud „organisizm falsafasi“ deb nomlagan faylasuf, narsalarning ruh va materiya kabi ikki unsurdan iboratligini inkor etadi. Bunga qarshi oʻlaroq, dunyo tashkil topadigan asosiy unsurlar sifatida „aktual mavjudlik“ni olgʻa suradi. Uaytxed taʼlimotiga koʻra barcha „aktual mavjudlik“lar bipolyar boʻlib, ular ham jismoniy ham ruhiy qutblarga ega boʻladi. Xudo ham „aktual mavjudlik“ sifatida qabul qilinib, uning ruhiy (konseptual) qutbi oʻzgarmas boʻlib, bu uning „azaliy tabiat“i hisoblanadi, barcha ideallar va imkoniyatlar manbaidir. Xudoning ikkinchi qutbi boʻlgan jismoniylikni u „kasb qilib olingan tabiat“ deb ataydi. Mazkur tabiat orqali Xudo „ijod“ qiladi, yaratuvchilik ishlarini amalga oshiradi. „Kasb qilib olingan tabiat“ cheklangan boʻlib, tajriba ortib borgani sari rivojlanib boradi, ammo, oxir oqibat birinchi tabiat („azaliy tabiat“)ga qoʻshiladi. Uaytxedning mazkur fikrlari, islom dini tarixidagi ilk aqidaviy yoʻnalishlardan boʻlgan „moʻtazila“ taʼlimotiga juda yaqinligini alohida qayd etish lozim. Aynan moʻtaziliylar Alloh taolo sifatlarining azaliyligini inkor etgan xolda, ularni maxluq yaʼni yaratilgan deb hisoblashgan. Jumladan, ular Alloh yaratishni boshlamasidan oldin u „al-Xoliq“ (yaratuvchi), jonzotlarni rizqlantirishidan oldin „ar-Razzoq“ (rizqlantiruvchi) boʻlmagan degan gʻoyani ilgari surganlar. Ayni damda, mazkur taʼlimot ham Sunniylik ham Shi’alik ulamolari tomonidan qoralangan. Taniqli faylasuf Richard Sheffler oʻz falsafiy qarashlarida transsendental falsafiy teologiyaga koʻproq urgʻu berganini kuzatishimiz mumkin. Jumladan, Sheffler transsendental falsafaga toʻxtalar ekan, „bu tajribaning shakllanishiga mas’ul boʻlgan savollar va dalillarni olgʻa surishning falsafiy metodidir“ deydi. Sheffler konsepsiyasining oʻzagi sifatida, insonning transsendentalligini „tasodifiy fakt“ sifatida qabul qilish lozimligi turadi. U olamning predmetliligidan kelib chiqish mumkin emas, chunki predmetlilikning oʻzi transsendentlik orqaligina voqeʼ boʻlishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda empirik tajriba predmetlari insonning transsendentligi omili sifatida namoyon boʻla olmaydi. Inson transsendentligining asosiy manbasi faqat Xudo boʻlishi mumkin, deydi faylasuf. Taniqli shotland faylasufi va teologi Djon Makkuorri (1919) ham oʻz ijodida xudo haqidagi konsepsiyani ishlab chiqishga salmoqli oʻrin beradi. Avval Shotlandiya, soʻng Anglikan cherkovlarida turli diniy lavozimlarda ishlagan Makkuori, Xudoni „Mavjud“ deb atash lozimligini taʼkidlaydi. „Yigirmanchi asr diniy tafakkuri“, „Xristian falsafasi tamoyillari“, „Egzistensional teologiya“, „Demifologizasiya chegaralari“ kitoblari muallifi boʻlgan faylasuf oʻz konsepsiyasini yaratishda nemis faylasuflari Rudolf Bultman va Martin Xaydeggerlar gʻoyalariga murojaat qilgan. Makkuorri Xudo boshqa mavjudotlar orasida ustunroq emas, balki u qolganlardan yuqorida boʻlishi kerak deb hisoblagan. "Xudo biz „boʻlmoq“ feʼlini ifodalash uchun ishlatadigan qudrat nomidir, uning kuchi mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan barcha narsalarda bor", deya taʼkidlaydi Makkuorri oʻzining „Xristian falsafasi tamoyillari“ asarida. Shuningdek, olim „Mavjud“ boʻlgan zot Xudo boʻlishi uchun albatta mehribonlik sifatiga ega boʻlishi lozim deydi. Oʻtgan asrning yana bir taniqli falsafiy-teologiya namoyondalaridan biri Charlz Xartsxorn oʻz konsepsiyasini „neoklassik teizm“ deb ataydi. Xartsxorn tasavvuridagi Xudo obrazi klassik falsafiy-teologik qarashlardan farq qilgan xolda ham borliq usti (gʻayritabiiy) xususiyatlarga ham borlikda mavjud boʻlgan – yaratilgan narsalarning xususiyatiga ega. Aniqroq ifodalaganda, Xudo bir-biriga zid boʻlgan sifatlardan tashkil topgan. Jumladan, u „Xudo ham transsendental ham immanent, absolyut va nisbiy, zaruriy va tasodifiy, oʻzgarmas va oʻzgaruvchandir“, deydi. Shu orqali Xartsxornning konsepsiyasi „di-polyar teizm“ deb ham ataladi. Xartsxorn oʻz taʼlimotidagi Xudoni samoviy jarayonlar orqali ifodalashga harakat qiladi. Chunki, Xartsxorn tushunchasidagi samoviy jarayonlar intihosiz, oʻzgaruvchan, joʻshqin, doimo yangilanib turuvchi boʻlib, bu Xudoning xususiyatlariga oʻxshab ketadi. Mazkur jarayonlar orasidagi bogʻliqlikni u bir tana va uning aʼzolarga oʻxshatadi va ularni „Xudoning tanasi“ deb ataydi. Mazkur qarashlar Aleksanderning „emerjent evolyusiya“si va Uaytxedning „kosmik organisizm“i bilan bir qator umumiy nuqtalarga egadir[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 383.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.