Kontent qismiga oʻtish

Falastin (tarixiy viloyat)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Falastin – Gʻarbiy Osiyodagi tarixiy viloyat (qadimiy yahudiycha pelishtim – „filistinliklar“ soʻzidan olingan). Oʻrta dengizning sharqiy sohilidajoylashgan. Maydoni 26 ming kv. km. Falastinning asosiy qismi Isroil bilan Iordaniyaga qarashli. Miloddan avvalgi 5—4 ming yillikda Falastinga somiy qabilalari kirib kelgan. Miloddan avvalgi 3—2 ming yillikda Falastinda xanaaneylarning ilk shahar-davlatlari paydo boʻlgan (miloddan avvalgi 2ming yillikda Falastin va Finikiya hududi Xanaan deb atalgan). Miloddan avvalgi XIV—XII -asrlarda Falastin Misr tasarrufida boʻlgan. Miloddan avvalgi 13-asr oxirida Falastinda filistimliklarning hukmronligi oʻrnatilgan. Oʻsha vaqtdayoq mamlakatning aksariyat qismi miloddan avvalgi XI asrda tashkil boʻlgan Isroil yahudiy podsholigi hududida istiqomat qiluvchi qabilalar tomonidan zabt etilgan. Dovud va Sulaymon podsholar davrida Isroil qudrati avjiga chiqqan. taxminan 935-yilda bu davlat ikkita podsholik – Isroil va Iudeya (Yaqudiya)ga boʻlingan. Miloddan avvalgi VIII asr oxirida Falastinning shimoliy hududi – Isroil podsholigi Ossuriya tomonidan bosib olingan. Janubiy Falastin (Iudeya podsholigi)ni miloddan avvalgi VI asrda bobilliklar, soʻngra axamaniylar, miloddan avvalgi IV asrda makedoniyalik Aleksandr oʻzlariga boʻysundirganlar. Miloddan avvalgi III-II asrlarda Falastin Ptolemeylar (Misr) bilan Salavkiylar oʻrtasida talash boʻlgan. Falastin milodiy I asrda (63 yil) rimliklar tomonidan bosib olingan. Lekin faqat Iudeya urushlari (66—73 yillar) va Bar Koxba qoʻzgʻoloni (132— 135) bostirilganidan soʻnggina Falastin Rim imperiyasining viloyatiga aylangan.

Milodiy I asrda Falastida xristian dini paydo boʻlgan. 395-yilda Falastin Vizantiya ixtiyoriga oʻtgan. 640-yil Falastin arablar tomonidan bosib olinib, arab xalifaligi tarkibiga kirgan. Abbosiylar davrida Falastinda iqto tizimi joriy qilingan, aholini islom diniga kiritish jarayoni avj olgan, xristianlarning huquqiy maqomi kuchsizlangan. Bu bir qator xalq qoʻzgʻolonlari, jumladan, 842-yil Abu Xarba boshchiligidagi gʻalayonga sabab boʻldi. Abbosiylar xalifaligi parchalanganidan soʻng Falastin asta-sekin tuluniylar, ixshidiylar sulolalari hukmronligi ostiga oʻtgan. IX-XI asrlarda Falastinda iqtisodiy yuksalish yuz bergan, katta yer maydonlariga ishlov berilgan. Iudaizm, xristian va islomning diniy markazi Quddusda XI asrda 40 ming aholi yashagan. Akka, Kesariya, Askalon, Gʻazoda savdo rivojlangan. 1099-yil salibchilar Quddusni egallab, uni Quddus qirolligining markaziga aylantirganlar. 1187-yil Xattin yaqinidagi jangda Salohiddin salibchilarni yengib, Quddusni qoʻlga kiritgan. Falastin ayyubiylar, keyinroq mamluklar tomonidan Misrga qoʻshib olingan. Falastin 1516-yilgacha ularning qoʻlida boʻlib, soʻng turklar tasarrufiga oʻtgan. Usmonli turk imperiyasining XVII asr oxiridan tanazzulga yuz tutishi bilan turk xukmdorlarining oʻzboshimchaligi kuchaygan. Soliqlar oshgan. Natijada Falastin iqtisodiy tushkunlikka uchragan. XIX asrning 20-yillarida Falastinda turklarga qarshi xalq harakati kuchaygan. 1832-yil Falastin Misr podshosi MuhammadAli tomonidan zabt etilgan. Hokimiyatning markazlashuvi, zodagonlar zulmining cheklanishi Falastinni iqtisodiy rivojlanishiga turtki boʻlgan. Ammo soliqlarning koʻpayishi, harbiy majburiyatning joriy qilinishi aholi oʻrtasida qoʻzgʻolonga olib kelgan (1834). Livan va Suriya xalqining Misr hukmronligiga qarshi 1840-1841 yillardagi kurashini Falastin xalqi qoʻllab-quvvatlagani bahonasida Falastinda turk hukmronligi tiklangan. XIX asrning 40-yillaridan boshlab Yevropa davlatlari Falastinga kirib kela boshladilar. 1869-yil Suvaysh kanalining ochilishi bilan Falastinning strategik va iqtisodiy ahamiyati yanada kuchaydi. 1892-yil fransuz kompaniyasi Falastinda birinchi Yaffa – Quddus temir yoʻlni qurgan. XIX asr oxiridan boshlab Yevropa mamlakatlaridagi yahudiy aholining Falastinga koʻchishi boshlangan. Birinchi jahon urushi yillarida Falastin Germaniya, Turkiya hamda ingliz qoʻshinlari oʻrtasidagi kurash maydoniga aylangan. Bu raqobat Falastinni inglizlar tomonidan zabt etilishi bn yakunlandi. 1916-yil SayksPiko shartnomasiga binoan, Falastinda xalqaro rejim joriy qilinishi lozim boʻlgan. Falastinda oʻz mavqeini mustahkamlash maqsadida inglizlar Yevropa mamlakatlarida XIX asrning 90-yillarida paydo boʻlgan reaksion (teskarichi) – millatchi harakatning koʻrinishlaridan biri boʻlgan sionizmdan foydalanganlar. Sionistlar Falastinda yahudiylar davlatini tuzishni talab qilganlar. 1917-yil 2-noyabrda Angliya hukumati Balfur deklaratsiyasini eʼlon qilib, Falastinda „yahudiy xalqi uchun milliy maskan“ tuzishni vaʼda qilgan. 1920-yil aprelda SanRemo shahri (Italiya)da Angliya Falastin ustidan ingliz mandatini joriy etishga muyassar boʻlgan. Angliya Falastinning iqtisodiy va siyosiy hayotida hal qiluvchi mavqega ega boʻlgan, Yevropa mamlakatlaridan koʻplab yahudiylarning kirib kelishiga imkon yaratgan. Sionist tashkilotlar Falastinda bir nechta konsessiyalarni qoʻlga kiritganlar. Mamlakatdagi butun hokimiyat ingliz oliy komissari qoʻliga oʻtgan. Uning huzuriga ingliz amaldorlaridan tarkib topgan „Falastin hukumati“ tuzilgan. Arab aholisi mamlakatni idora qilishga jalb etilmagan. 1920—1939-yillarda ingliz mustamlaka siyosati sionistlar bilan hamkorlik qilishga asoslangan. Sionistlar Angliya yordamida arab xalq ozodlik harakatiga qarshi ish koʻrganlar. Shu bois Angliya arab aholisining kuchli noroziligiga duch kelgan va natijada unga qarshi qurolli qoʻzgʻolonlar koʻtarilgan. 1936-yil oktabrda Pil boshchiligida Falastinga yuborilgan komissiya Falastinni yahudiylar va arablar yashaydigan qismlarga boʻlishni tavsiya qilgan. Bu Falastindagi arab tashkilotlari va arab mamlakatlarining qattiq noroziligini keltirib chiqargan. 1939-yil may oyida ingliz hukumati „Oq kitob“ ni eʼlon qilishga majbur boʻlgan. Unga koʻra, Angliya maʼmuriyati Falastinga yahudiylarning kelishini cheklashi va keyinchalik toʻxtatishga qaror qilgani bayon etilgan. Bu Angliya maʼmuriyati bilan sionistlar oʻrtasiga nizo solgan. Sionistlarni AQSH qoʻllab-kuvvatlagan.

Ikkinchi jahon urushidan soʻng Falastin xalqlarining ingliz qaramligidan xalos boʻlish uchun kurashi kuchaygan. 1947-yil Angliya Falastin masalasini BMT muhokamasiga qoʻyishga majbur boʻlgan. 1947-yil 29-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi Britaniya mandatini bekor qilish, Falastindan ingliz qoʻshinlarini chiqarish va Falastinda mustaqil demokratik yahudiy va arab davlatini tuzish haqida qaror qabul qilgan. Quddus shahri alohida xalqaro rejimga ega mustaqil maʼmuriy birlikka aylanishi lozim boʻlgan. 1948-yil 14-mayda Yahudiy sionistik tashkilotlar Isroil davlati tuzilganligini eʼlon qilishgan. 14-maydan 15-mayga oʻtar kechasi Angliyaning qutqusi bilan 1948—1849 yildagi arab isroil urushi boshlangan. Arab davlati uchun moʻljallangan hududning bir qismi hamda Quddus shahrining gʻarbiy qismi Isroil tomonidan bosib olingan (6,7 ming kv. km). Isroil qoʻshinlari Falastin hududidan 900 mingdan ziyod arablarni haydab chiqarganlar. Shunday qilib, Isroil Yaqin Sharq mintaqasida qochoqlar muammosini keltirib chiqargan. Isroil BMT qaroriga muvofiq, Falastin arab davlatiga oʻtishi kerak boʻlgan hududning 60% ini bosib olgan. Tashkil etilib ulgurmagan mana shu davlatning sharqiy qismi va Quddus (5,5 ming kv. km) Iordaniya hududiga, Gʻazo sektori (258 ming kv. km) Misr nazoratiga oʻtib qolgan. 1949-yil sulh shartnomalariga binoan, Isroil bilan qoʻshni arab davlatlari oʻrtasida demarkatsiya chegara chizigʻi belgilangan.

1964-yil 28-mayda Quddusda qochoqdagi falastinliklarning Falastin Ozodlik tashkiloti (FOT) tuzilgan. 1967-yil iyunda Isroil – Suriya, Misr va Iordaniyaga qarshi urush boshladi. Isroil Sinay yarim orol, Gʻazo sektori, Iordan daryosi gʻarbiy sohilidagi yerlar, Quddus hamda Joʻlan tepaliklarini bosib olgan.

1987-yilga kelib Falastin qochoqlarining soni 2 mln.ga yaqinlashgan. 1988-yil 15-noyabrda Falastin Ozodlik tashkilotining oliy organi – Falastin Milliy kengashi Jazoir shahrida mustaqil Falastin davlati tuzilganini eʼlon qilgan. 1989-yil 29-martda Falastin Ozodlik tashkiloti ijroiya qoʻmitasi Yosir Arafotni Falastin davlati prezidenti etib tayinlagan. 1993 -yilning sentabrda Isroil bilan Falastin Ozodlik tashkiloti ikki tomon oʻrtasidagi munosabatlarni yoʻlga qoʻyish tamoyillari toʻgʻrisida deklaratsiyaga imzo chekdilar. Bu deklaratsiyaga muvofiq, 1994-yil mayda Gʻazo sektori (Gʻazza mintaqasi) va Iyerixon shahri atrofi (Iordan daryosining gʻarbiy sohili)da Muvaqqat Falastin muxtoriyati tuzilgan. BMT Xavfsizlik Kengashi qaroriga muvofiq, Falastin mojarosini uzil-kesil hal etish uchun oʻtish davri (5 yilgacha) belgilangan. 1996-yil yanvarda Falastin qonun chiqaruvchi kengashi saylangan. 1998-yil avgustda hukumat tuzilgan. Isroil Bosh vaziri A. Sharon hukumati davrida Falastin bilan Isroil oʻrtasidagi tarang munosabatlar avjga chiqdi. 2004-yil 22-martda HAMAS tashkilotining rahbari shayx Ahmad Yosin oʻldirildi. Natijada Falastin masalasini xal qilish yanada murakkab tus oldi. 2004-yil noyabrda Yosir Arofat vafotidan soʻng uning oʻrniga vaqtincha Mahmud Abbos tayinlandi. 2005-yil yanvarda Maxmud Abbos Falastin Ozodlik tashkiloti raisligiga saylandi.