Etrusk tili
Etrusk tili — Rim davlatigacha boʻlgan Italiyaning qadimiy aholisi — etrusklarshshg (oʻlik) tili. Oʻrta dengiz tillari guruhiga kirsada, biror bir tilga genetik yaqinligi, qarindoshligi toʻliq aniqlanmagan. Apennin yarim orolda tarqalgan. I-asrda lotin tili tomonidan siqib chiqarilgan. Miloddan avvalgi VII—I-asrlarga mansub turli mazmundagi koʻp sonli yozuv yodgorliklari (ularning soni 11 mingga yaqin), antik mualliflarning asarlarida uchrovchi ayrim soʻzlar hamda toponimlardan maʼlum. Shulardan eng yirigi va eng muhimi Zagreb (hozirgi Xorvatiya)da saqlanayotgan mumiyo pardasidagi yozuv (340 satr) hisoblanadi. Yodgorliklar, asosan, Italiyaning Etruriya, Kampaniya, Latsiya kabi qadimiy viloyatlaridan hamda Shimoliy Afrika (Karfagen)dan topilgan. Ular gʻarbiy yunon alifbosi asosida yaratilgan etrusk alifbosida oʻngdan chapga qarab yozilgan. Etrusk yozuvi (alifbosi) lotin yozuvi va Markaziy hamda Shimoliy Italiyadagi boshqa yozuv tizimlari uchun asos vazifasini oʻtagan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |