Kontent qismiga oʻtish

Epos

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Epos (yun. yeroz – soʻz, hikoya) – 1) badiiy adabiyot turi (lirika va drama bilan bir kdtorda); 2) xalqning qahramonona oʻtmishini aks ettiruvchi asar. Epos adabiyotning uch turidan biri sifatida tafsilot tasviriga tayangan badiiy asarlar jamini anglatadi. Unda muayyan makon va zamonda kechadigan voqeahodisalar tafsiloti, albatta, mavjud boʻladi. Eposda soʻz yordamida oʻquvchi koʻz oʻngida real hayot manzaralariga muvofiq keladigan badiiy voqelik yaratiladi.

Eposning eng asosiy belgisi voqea tasviri, bayoni boʻlgani uchun ham koʻpincha bu turdagi asarlar nasr yoʻlida yoziladi. Lekin bu hol sheʼriy shaklda bitiladigan epik asarlar borligi va boʻlishi mumkinligini inkor etmaydi. Qandaydir voqeani aks ettirish asosiga qurilgan sheʼriy va nasriy asarlar eposga mansubdir.

Eposda muayyan makon va zamonda muayyan shaxs yoki odamlar guruhi bilan boʻlib oʻtgan biror voqea, odatda, muallif yoki hikoyachipersonaj tilidan bayon etiladi. Bu hol unda bayon, tavsif va dialogning birgalikda qorishiq holda kelishini taqozo etadi. Ayni paytda, eposda bayon, rivoyat yetakchilik qiladi. Muayyan asardagi peyzaj, portret, narsabuyum va boshqalar tafsilotlar tasviri rivoyatni kuchaytirish, uning taʼsir darajasini oshirish, personajlar tabiatini boʻrttirib koʻrsatishga xizmat qiladi. Eposning hozirgi bosqichida borgan sari bayonning salmogʻi kamayib borayotganligi kuzatilmoqda. Ertak, afsona, rivoyat, doston singari xalq ogʻzaki ijodi namunalari hamda ilk yozma eposlarda voqea-hodisalarni bayon etish, aytib berish katta oʻrinni tutgani holda dialoglar va tafsilotlarga kam oʻrin ajratilardi. Keyingi vaqtlarda esa, eposga mansub asarlarda dialog va tafsilotlarning salmogʻi ortib bormoqda. Bu holni, birinchidan, eposda ifoda imkoniyatlari oshgani, ikkinchidan, inson ichki olamining noziklashib, ruhiyati murakkablashib borayotgani bilan izohlash mumkin.

Epos asardagi voqea-hodisalar bilan oʻquvchi (tinglovchi) oʻrtasida oʻziga xos vositachi hisoblanadigan roviy yoki hikoyachi tomonidan bayon etilganda, ayni voqealarning nima uchun aytib berilayotgani, odatda, izohlab oʻtirilmaydi. Bayon koʻpincha muallif, baʼzan esa biror personaj tilidan amalga oshiriladi. Alisher Navoiyning „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“ dostonlari, Qodiriyning „Mehrobdan chayon“, Choʻlponning „Kecha va kunduz“, Oybekning „Qutlugʻ qon“ romanlarida voqealar muallif tilidan bayon etiladi. Gʻafur Gʻulomning „Shum bola“, Erkin Aʼzamning „Otoyining tugʻilgan yili“, Oybekning „Gulnor opa“ singari asarlarida rivoyat personaj tilidan olib boriladi. Shu bilan birga, hikoya muallif tilidan bayon qilinayotgan asarlarda personajlarning hikoyachi sifatida bayonga aralashish holatlari ham uchrab turadi. Navoiyning „Sabʼai sayyor“, Qodiriyning „Oʻtgan kunlar“, Oybekning „Navoiy“ asarlarida rivoyat ham muallif, ham personajlar tomonidan amalga oshirilgan.

Eposda tasvirlanayotgan obrazlar tizimi katta ahamiyat kasb etadi. Obrazlar tizimi deyilganda faqat odamlargina emas, eposda tasvirlangan jonivorlar, narsabuyumlar va tabiat hodisalari ham koʻzda tutiladi. Eposda qatnashadigan obrazlarni shartli ravishda: bosh qahramonlar, personajlar yoki qahramonlar hamda yordamchi obrazlar sifatida 3 turga boʻlish mumkin.

Epos badiiy tasvir qamroviga koʻra, katta, oʻrta va kichik kabi uchta janr guruhiga ajratiladi. Katta epik janrlarga roman, epopeya, epik doston; oʻrta epik janrlarga qissa; kichik epik janrlarga afsona, badia, latifa, masal, novella, ocherk, rivoyat, ertak, esse, etyud, hikoya, hikoyat kabilar kiradi. Eposni janrlarga ajratishda voqea-hodisalarning qamrovi yoki davomiyligi darajasi emas, balki tasvirning koʻlami hisobga olinadi. Shuning uchun ham odamning bir soatlik holati aks ettirilgan romanlar boʻlganidek, necha yillik voqealar tasvirlangan hikoyalar ham boʻlaveradi. Shuningdek, eposni janrlarga ajratishda asarlarning hajmi ham asosiy oʻlchov boʻlolmaydi. Eposni janrlarga tasniflashda muallifning estetik niyati ham hal qiluvchi oʻrin tutadi. Shuning uchun ham baʼzan romandan katta hikoyalar, hikoyadan kichik qissalar yaratilishiga tabiiy hol, deb qarash kerak boʻladi. Asarlarning janr talablariga muvofiq boʻlishini qatʼiy talab etish yozuvchini qolipga solishga urinish boʻlib, badiiy ijodga katta zarar keltirishi mumkin. eposga mansub asarning qaysi janrga tegishli ekanini muallifning oʻzi belgilashi maqsadga muvofiqdir.

Epos tor maʼnoda, xalqning qahramonona oʻtmishini aks ettiruvchi asarlardir. Dastlab epos qahramonlarning atrofolamdagi yovuz kuchlar va buzuq niyatli odamlarga qarshi kurashi bayon etilgan asarlarni anglatgan. qadimiy eposlarda voqea-hodisalarning talqin va tasvir etilish yoʻsini oʻsha davr kishilarining dunyoqarashi, eʼtiqodi, ishonchlaridan kelib chiqqan. Eposning eng qadimiy namunasi sifatida ilmda oldinlari akkadlarniki deb sanalib kelingan, ammo keyinchalik barcha turkiy xalklarga tegishli ekani aniqlangan „Gilgamish“ dostoni hisoblanadi. Shuningdek, hindlarning „Ramayana“ va „Mahabharata“, Gomerning „Iliada“ va „Odisseya“, oʻzbeklarning „Alpomish“, „Goʻroʻgʻli“, qirgʻizlarning „Manas“, qozoqlarning „Qoʻblandi botir“, ozarbayjonlarning „Koʻroʻgʻli“, nemislarning „Nibelunglar haqida qoʻshiq“, ispanlarning „Sid haqida qoʻshiq“, fransuzlarning „Roland haqida qoʻshiq“, anglosaksonlarning „Beovulf“, karel va finlarning „Kalevala“, armanlarning „Sosunli Dovud“, gurjilarning „Amiraniani“ kabi asarlari ham xalq qahramonlik eposiga mansubdir. Turonga bostirib kirgan eronlik bosqinchilarga qarshi qahramonlarcha kurashgan xalq bahodirlari haqidagi „Toʻmaris“ va „Shiroq“ afsonalari, „Zarina va Striangiya“, „Zariadr va Odatida“ qissalari ham xalq qahramonlik eposi namunalari sanalgan. Koʻtarinki ruhda bitilib, qahramonona voqealar aks ettirilgan ayrim yozma asarlar ham epos hisoblangan. Gegel oʻzining „Estetikaga oid maʼruzalar“ asarida Dantening „Ilohiy komediya“ hamda Firdavsiyning „Shohnoma“ asarlarini eposga mansub, deb hisoblaydi. Shuningdek, Sharq eposi sirasiga yana Shota Rustavelining „Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon“ va Abdurahmon Jomiyning „Haft avrang“i, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Alisher Navoiy qalamiga mansub boʻlgan „Xamsa“larni ham kiritish mumkin.

Qahramonlik eposi jamiyat taraqqiyotining dastlabki bosqichlarida, sinfiy munosabatlar oʻzgarganligi tufayli emas, balki muayyan etnosning milliy ruhi uygʻonib, oʻzini shunchaki odamlar toʻdasi emas, balki buzilishi mumkin boʻlmagan axloqiymaʼnaviy qoidalarga amal qilib yashaydigan etnik birlik sifatida tasavvur eta boshlagan kezlarda paydo boʻladi. Ayni xususiyatlarni yuqorida tilga olingan barcha eposlar misolida koʻrish mumkin.