Elektrli skatlar
Qiyofa
Elektrli skatlar— togʻayli baliqlar turkumi. 3 oilasi, 30 dan ortiq turi maʼlum. Asosan, jan. dengizlarda tarqalgan. Oddiy Elektrli skatlar Atlantika okeanining sharqiy qismi va Oʻrta dengizda uchraydi. Tanasi 1,8 m cha, ogʻirligi 90 qg cha. Gavdasi dumaloq, dum suzgichi qisqa, terisi silliq. Elektr toki (70 V gacha) hosil qiluvchi organi boshi bilan koʻkrak suzgichlari oraligʻida. Elektrli skatlar kam harakat, odatda, qum yoki balchiqqa qisman koʻmilib, suv tubida yashaydi. Tuxumdan tirik tugʻib koʻpayadi. Qisqichbaqasimonlar, mollyuskalar, chuvalchanglar va mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Oʻz oʻljasini elektr toki razryadi taʼsirida oʻldiradi. Elektr razryadi odam uchun ham xavfli.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |