Ekspozitsiya (unsur)
Ekspozitsiya — 1) adabiyotda badiiy adabiyotda qoʻllaniladigan unsur. Badiiy asar syujetining tarkibiy qismlaridan biri boʻlib, voqealar roʻy beradigan zamon va makon, personajlar toʻgʻrisidagi muallif maʼlumotlari hisoblanadi. Bunday maʼlumotlar, odatda, badiiy asar syujetining kirish qismida voqelik tuguni, rivoji, asosiy toʻqnashuvlar hamda kulminatsion nuqtadan avval beriladi. Ekspozitsiyada oʻquvchi asarda ishtirok etuvchi qahramonlar, ular harakat qiladigan joy, toʻqnashuvchi shaxslar va hodisalar toʻgʻrisida dastlabki maʼlumotlarni oladi. Garchi ekspozitsiya badiiy asarda bosh konfliktni rivojlantirib, keyingi voqealarga turtki berishga jiddiy koʻmaklashmasada, koʻpincha, asosiy voqea rivojining yoʻnalishi hamda xarakterini oldindan aniqlashga xizmat qiladi.
Ekspozitsiya kompozitsion unsurlardan biri sifatida yozuvchi maqsadiga koʻra badiiy asarning turli oʻrinlarida, har xil koʻrinishda keladi va turli nomlar bilan ataladi. Voqealar boshlanishidan oldin berilsa, toʻgʻri ekspozitsiya (A. Qodiriy va Oybek romanlarida), syujet tugunidan soʻng berilsa, kechiktirilgan ekspozitsiya (A. Qahhorning "Sinchalak" qissasi, "Qoʻshchinor chiroqlari" romani), asar oxirida berilgan maʼlumotlar esa teskari ekspozitsiya deb ataladi. Ayrim yirik hajmli asarlarda qahramonlar va voqelik oʻrni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar butun asarga "sochib" yuboriladi. Bular sochma ekspozitsiya deyiladi (L.Tolstoyning "Urush va tinchlik", U. Hoshimovning "Tushda kechgan umrlar" romanlari). Hozirgi oʻzbek nasrida ekspozitsiyaning sochma turi koʻproq uchramoqda. Asar janriga qarab ekspozitsiya ham turlicha boʻlishi mumkin; 2) musiqada — asar kompozitsiyasi (mas, sonata shakli yoki fuga)nit birinchi boʻlimi, asosiy mavzularning bayonidan iborat. Oʻzbek mumtoz musiqasining yirik shakldagi namunalarida daromad (baʼzida, miyonxat bilan birga), shuningdek, bozgoʻy (birinchi xona bilan birga) ekspozitsiya vazifasini bajaradi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |